Mutaxassislar Android tizimida ishlaydigan qurilmalar uchun xavfli bo‘lgan mobil dasturlarni aniqladi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: “Playtech.ro”

Google Play Store’dagi ikkita dasturda Joker — zararli josuslik moduli aniqlandi. U bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan Speed Message-Beautiful and cute hamda Botmatic Messages dasturlarida mavjud. Birinchi dastur 10 ming marta yuklab olingan, ikkinchisi 1000 nafar foydalanuvchining smartfoniga o‘rnatilgan.

Dasturlar matnli xabarlar almashishga mo‘ljallangan. Joker Google Play Store xavfsizlik choralarini chetlab o‘tib, xakerlarga qurilmalarda turli operatsiyalarni bajarish imkonini beradi.

Ushbu modul xabarlarni o‘qish, kontaktlarni o‘g‘irlash, dasturlarni yuklash hamda foydalanuvchini pulli xizmatlarga obuna qilish imkonini beradi.

Google vakillari Play Store’dagi zararli dasturlar muntazam o‘chirilib borilishini ma’lum qilgan.