Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida 2-iyun, seshanba kuni yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Beruniy tumani hokimligi axborot xizmati mazkur yong‘in bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 2-iyun kuni soat 11:37 da “Ikrom Azizbek Akrom” xususiy korxonasiga qarashli ko‘p tarmoqli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in kelib chiqqan.
Yong‘inni bartaraf qilish uchun yong‘in o‘chirish texnikalari va Favqulodda vaziyatlar bo‘limining maxsus texnikalari yetib kelgan. Yong‘inni o‘chirish uchun 10 ta o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilingan.
Yong‘in soat 13:40 da qamrab olingan va soat 14:10 da butunlay bartaraf etilgan. Yong‘in natijasida jabrlanganlar yo‘q. Hech kimga ziyon yetmagan. Hozirda barcha tozalash ishlari olib borilmoqda.
Yong‘in oqibatida shoxobchadagi to‘qqizta idishning ustki qismi yonib zararlangan. Ularning yonida joylashgan propan idishlariga olov o‘tmagan. Shoxobchaga qarashli “GAZ 53” va “Zil” rusumli benzin tashuvchi mashinalar to‘liq yonib ketgan.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in kelib chiqishiga yoqilg‘i quyish shoxobchasida idishlarda qolgan dizel yoqilg‘isi va benzin qoldiqlarini bir idishdan boshqasiga o‘tkazish jarayonida yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab bo‘lgan.
Izoh (0)