Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida voyaga yetmagan bola vafot etdi. Bu haqda YHXBB xabar bermoqda.

Foto: YHXBB

Hodisa 30-may kuni soat 19:50 larda “Nurafshon” MFY hududidan o‘tuvchi 4K-319 Tanxoz—Yakkabog‘—Esat—Qozoq avtomobil yo‘lining 6-kilometrida yuz bergan. 2001-yilda tug‘ilgan B.R. ismli yigit “Kombi-Moskvich-Ij” rusumli transport vositasini Yakkabog‘ shahri yo‘nalishi tomon boshqarib borayotib, yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga yugurib o‘tayotgan piyoda, 2007-yilda tug‘ilgan G‘.T.ni urib yuborgan. So‘ng mashina yo‘lning chap tomonidagi kanalga ag‘darilgan.

Foto: YHXBB

YTHda og‘ir tan jarohatlari olgan 13 yoshli o‘g‘il bola shifoxonada vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Yakkabog‘ tuman IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 30-may kuni Jizzaxda 15 yoshli bola qarovsiz qoldirilgan mashinani yurgizib yuborishi oqibatida 6 yoshli bola vafot etgandi.

YHXBB barcha haydovchilardan piyodalarga e’tiborli bo‘lishni, piyodalardan belgilanmagan joylardan yo‘lni kesib o‘tmaslikni, barcha yo‘l harakati qatnashchilari yo‘l harakati qoidalariga amal qilishini so‘rab qoldi.