Bosh prokuratura akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama qilindi.

Unda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova qaror loyihasidan kutilayotgan natijalarni sanab o‘tdi.

Qiynoqning oldini olish bo‘yicha milliy tizim xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirilishi bildirildi. Unda BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi tomonidan bildirilgan tavsiyalarning aksariyat qismini bajarilishini ta’minlanadi.

– O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanadi.

– Qaror loyihasi qiynoqning barvaqt oldini olishga samarali xizmat qiladi. Qiynoqning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tiladi.

Bunda asosiy e’tibor qiynoq holatlarini kelib chiqishiga imkon bergan omillarni aniqlash va bartaraf etishga, tegishli mansabdor shaxslarni maxsus dastur bo‘yicha o‘qitish asosida ularda qiynoqdan himoyalanish huquqini ta’minlash masalasida yangicha dunyoqarashni shakllantirishga qaratiladi.

– Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash ustidan nazorat takomillashadi.

– Qiynoqqa doir murojaatlar tezkorlik bilan ko‘rib chiqiladi.

– Aybdor shaxslar uchun javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi. Qiynoq holatlari latent bo‘lib qolishining oldi olinadi.

– Qiynoqning oldini olish faoliyati borasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda ishlanadi.

– Aholini tashvishga solayotgan qiynoqqa doir masalalar to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma’lumotlar keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkaziladi.

Qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish mexanizmlari takomillashadi.

Hozirda qaror loyihasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan o‘rnatilgan tartibda kelishuvdan o‘tkazilmoqda. Yaqin kunlarda loyiha umumxalq muhokamasidan o‘tkazish uchun elektron tizimga joylashtirilishi bildirildi.

Loyiha 2019—2021-yillarda O‘zbekistonda jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.