AQShda so‘nggi bir sutkada 22 mingdan ortiq kishida koronavirus aniqlandi, 1199 kishi kasallik oqibatida vafot etdi. Bu haqda Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda so‘nggi bir sutkada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 22 577 ta yangi holat qayd etilgan. Bir kun avval bu ko‘rsatkich 18 263 tani tashkil qilgan.

So‘nggi 24 soat ichida 1199 kishi kasallik qurboniga aylangan, bir kun avval esa 1505 kishi vafot etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 1,7 million kishidan oshgan, 101 mingdan ortiq kishi kasallik oqibatida vafot etgan. Kasallikdan tuzalganlar soni esa 399 ming kishidan oshgan.

Universitetning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 5 837 541 kishiga yetgan, dunyo bo‘yicha 2,4 milliondan ortiq bemor tuzalishga muvaffaq bo‘lgan, kasallik 360 mingdan ortiq odamning umriga zomin bo‘lgan.

Avvalroq AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni 100 ming kishidan oshib ketgani haqida xabar berilgan edi.