Avstraliyaning Sidney shahri yaqinidagi plyajlar tibbiy himoya niqoblariga to‘lib ketdi. Ushbu niqoblar yuk kemasidagi konteynerlarning suvga tushib ketishi oqibatida plyajga yig‘ilib qolgan, deb xabar beradi Daily Mail.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yuk kemasi Xitoydan Melburnga himoya niqoblarini olib kelayotgan bo‘lgan. Biroq kuchli shamol va to‘lqinlar ichida yuk bo‘lgan 40 ta konteynerga zarar yetkazib, suvga tushirib yuborgan.
Niqoblarga birinchi bo‘lib karantin choralari yengillashtirilgani sabab dam olish uchun okean qirg‘og‘iga kelgan Sidney aholisi duch kelgan. Ular bu haqda Avstraliya dengiz xavfsizligi boshqarmasi vakillariga ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlarda post qoldirgan.
Plyajni niqoblardan tozalash tashabbusidan xabar topgan mahalliy aholi o‘z xohishiga ko‘ra, qirg‘oqqa to‘plangan.
“Bir soat ichida yuzlab niqoblar va ular saqlangan kichkina plastik konteynerlarni yig‘dim. Bu kabi chiqindilarga paketlarim to‘lib ketdi”, — deydi Aliy Pott ismli ko‘ngillilardan biri.
Nashrning yozishicha, yukdan ayrilgan kema kapitani ortga qaytib, Brisbenga yo‘l olish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Yuk kemasi egasining ma’lum qilishicha, suvga tushib ketgan konteynerlar ichida maishiy texnika vositalari, qurilish materiallari va turli tibbiyot buyumlari ham bo‘lgan.
Izoh (0)