Dunyo COVID-19’ning birinchi to‘lqini o‘rtasiga kelib qoldi. Bu haqda Jenevada o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sohadagi favqulodda vaziyatlar dasturi bo‘yicha direktor Maykl Rayan ma’lum qilgan.

Foto: AP Photo

“Ko‘plab mamlakatlarda kasallangan kishilarning real soni kamaymoqda. Klassik tushunchada kasallikning ikkinchi to‘lqini haqida gapirganda birinchi to‘lqin kamaygani, so‘ngra bir necha oydan keyin ikkinchi to‘lqin boshlanishi ta’kidlanadi”, — degan u.

Rayanning so‘zlariga ko‘ra, bu bugungi kunda ayrim mamlakatlar uchun adolatli xulosa, biroq global masshtabda olganda birinchi to‘lqin hali yakuniga yetmagan.

“Biroq biz kasallik kutilmaganda yana avjiga chiqishi mumkinligini unutmasligimiz zarur. Agar koronavirus infeksiyasiga chalinishlar soni kamaysa, biz ikkinchi to‘lqinga tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Bu boshqa pandemiyalarda ham kuzatilgan, 1919-yilda “ispan grippi” bilan bog‘liq vaziyatda ham shunday bo‘lgan. Shu sababli biz ikkinchi to‘lqinni emas, balki birinchisining ikkinchi cho‘qqisini kuzatamiz”, — deydi u.

Rayanning fikricha, koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini paydo bo‘lishi gripp mavsumi bilan bog‘liq va bu voqea 2020-yil oxirida kuzatilishi mumkin.

JSSTning ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda 5,2 million nafardan ko‘p odam COVID-19 bilan kasallangan va pandemiya boshlanganidan beri 337 ming kishi koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.