Farg‘ona vodiysidagi Davlat xizmatlari markazlari joriy yil 20-maydan boshlab aholiga ko‘chmas mulkka egalik huquqini beruvchi kadastr pasportining yangi namunasini berishni boshladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019-yil 12-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish hamda ko‘chmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish haqidagi qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2020-yil 1-martdan boshlab Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunadagi kadastr pasporti berilishi nazarda tutilgan.
Shunga muvofiq, joriy yil 20-maydan boshlab vodiydagi fuqarolarga yangi namunadagi kadastr pasporti berilishi boshlandi.
Paxtaobod tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Burhoniddin Usmonovning aytishicha, yangi namunadagi kadastr pasportining afzalligi shundaki, avvalo, barcha kadastr ma’lumotlari bir joyda yagona ma’lumotlar bazasida saqlanadi. Smart-karta ichidagi ma’lumotlar onlayn ravishda bazaga ulangan holda ko‘riladi. Uy-joy bilan bog‘liq barcha kadastr ishlari doimiy ravishda elektron qayd etib boriladi hamda elektron kadastr tarixi vujudga keladi.
Smart-karta yo‘qolib qolsa yoki yaroqsiz holga kelsa, masofadan turib bloklanadi va qisqa vaqt ichida yangi kadastr pasporti taqdim etiladi. Geoportal bilan integratsiya natijasida uy-joyning geografik maydoni va chegarasi to‘g‘risida o‘ta aniq ma’lumot smart-kartadan joy oladi. Maxsus mobil ilova orqali kadastr pasporti ma’lumotlarini ko‘rish imkoni yaratiladi. Buning uchun smart-kartani telefonga yaqinlashtirish kifoya.
Yangi namunadagi kadastr pasportida QR-kod tizimi mavjud bo‘lib, tizim orqali mulkdorlar vakolatli tashkilotlarga murojaat etmasdan ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni istalgan vaqtda QR scanner mobil ilovasi orqali olishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)