Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida joylashgan “Qo‘rg‘ontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi A.A. fuqaroning ikki yoshga to‘lmagan farzandiga nafaqa tayinlash uchun 350 ming so‘m pora so‘ragan. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2020-yilning 6-yanvar kuni fuqaro Sh.Q. mahalla raisiga murojaat qilib, moddiy ahvoli og‘irligi bois farzandi uchun ikki yoshgacha beriladigan nafaqa tayinlashni so‘raydi. Rais esa bu xizmati uchun pora talab qiladi. Fuqaro bu haqda shu kuni mas’ul tashkilotlarga xabar beradi.

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xatirchi tuman bo‘limi hamda tuman IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda porani kotibi orqali olishga uringan rais tuman pochta aloqa tarmog‘i binosi oldida qo‘lga olingan.

Mazkur ishni ko‘rib chiqqan Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi sudlanuvchi A.A.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Pora olish) bilan ayblab, unga nisbatan ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi hamda bir yil olti oy muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.