2020-yil butun dunyoga koronavirus pandemiyasining yoyilishi bilan boshlandi. Virusning global miqyosda tarqalishi har bir davlatni chegaralarni yopish, chet eldan qaytgan yurtdoshlarni karantinga olish va harakatlarni cheklash, ijtimoiy oraliq saqlash kabi keskin choralar ko‘rishga undadi. “Daryo” taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori, tarix fanlari nomzodi Farhod Maqsudovning pandemiyadan keyingi dunyoga bag‘ishlangan maqolasini havola etadi.
2020-yil butun dunyoga koronavirus pandemiyasining yoyilishi bilan boshlandi. COVID-19 deb atalgan bu infeksiya 2003-yilda epidemiyasi kuzatilgan O‘RVI (O‘tkir respirator virusli infeksiya) bilan solishtirilganda, insonlar o‘rtasida o‘ta tez yoyilish xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Virusning bu xususiyati dunyo ko‘lamida yaqqol ko‘zga tashlangach, davlatlar o‘z hududlarida chegaralarni yopish, chet eldan qaytgan yurtdoshlarni karantinga olish va harakatlarni cheklash hamda ijtimoiy oraliq saqlash kabi keskin choralarni ko‘rishga kirishdi.
Biroq dunyo bo‘yicha pandemiya tibbiy statistikasining tahliliga ko‘ra, bu yuqumli kasallikning qarshisida na siyosiy, na madaniy va na ideologik to‘siqlar foyda bermadi. Davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi esa qaytaga bu davlatlardagi aholining pandemiya bilan yuzlashganda ulkan xavf ostida qolishini ko‘rsatdi. Biologiya ustun keldi va koronavirus hamma yerga yoyildi.
Shu bilan birga, pandemiyaning alohida davlatlar ko‘lamida kechishida uning asta-sekinlik bilan boshlanishi, birdaniga avjiga chiqishi va chekinishi kabi bosqichlarga ega bo‘lishidek qiziq bir xususiyat ham kuzatilmoqda. Chekinish bosqichiga o‘tgan qat’iy choralar ko‘rgan sanoqli davlatlarda hayot eski iziga qaytayotgani butun jahon aholisiga umid bag‘ishlab, tushkunlikka tushmay kurashda davom etishiga undamoqda.
Aholining keng qatlami uchun bu kurashdagi qurol esa ijtimoiy oraliq saqlash bo‘lib, aholi orasida jismoniy kontaktlarni cheklashdan iboratligi anglashilmoqda. Bugungi kunda oila bo‘lib o‘z-o‘zini “yolg‘izlatish” ijtimoiy jihatdan keskin chora bo‘lishiga qaramay, vaqtincha xususiyatga ega ijobiy tadbirdir. Bu tadbirni qo‘llab, oilani asrash va shu orqali inqiroz chog‘ida jamiyatga foyda keltirish bugungi kunda hatto qahramonlik sanalmoqda.
Barchamiz anglab turganimizdek, yaqin orada bir kun kelib kishilik koronavirusning hamlasini yengadi, pandemiya odimlari sekinlashadi va jamiyat yaratiladigan vaksina ko‘magida ijtimoiy oraliq saqlashdan chiqib, odatiy turmush tarziga qaytadi. Biroq o‘sha yaqin kelajakda jamiyat sifatida barcha eski siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy turmush tarzimiz saqlanib qoladimi? Yoki o‘shanda biz butun borliqqa, hayotga, iqtisodiyot va siyosatga boshqacha qaray boshlaymizmi?
Odatda, bir inson hayotida “shok”ka tushiradigan keskin qayg‘uli hodisalar sodir bo‘lganidan so‘ng uning tevarakdagi barcha narsaga o‘zgacha qarab, turmush tarzini, tushunchalarini, ijtimoiy munosabatlarini so‘roqqa tutishi kuzatiladi. Inson jamiyatning bir parchasi bo‘lgani, pandemiya esa jamiyat yuzlashayotgan xuddi shunday inqiroz bo‘lgani uchun jamiyatning ham bundan so‘nggi o‘z turmushiga munosabati o‘zgaradimi? Jamiyat eski hayotga qaytishni tanlaydimi yoki turmush tarzini o‘zgartirishni istaydimi? Bu savollarga javob berish uchun karantin davridagi xulosalarimizdan kelib chiqaylik.
Bugun jahondagi barcha davlatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan besh milliondan ortiq kishi aniqlangan bo‘lib, ulardan 325 ming kishida afsuski o‘lim holati qayd etilmoqda. Bularning minimal raqamlar ekanini unutmaslik kerak, chunki infeksiyani yuqtirganlarning soni tekshirilganlar soni bilan cheklanmoqda. Koronavirus qarshisida tahlika ostida qolgan aholi qatlami immuniteti sustlashganlar bo‘lib, bu fakt infeksiyaga qarshi kurashda hukumatlarga yo‘l ko‘rsatkich vazifasini bajarmoqda.
Endilikda asosiy masala infeksiyaning davlatlar kesimida yoyilish tezligini sekinlashtirish, iloji boricha tarqalish geografiyasini tor doirada ushlab turish (lokalizatsiya qilish) va shuningdek, tibbiyot sektoriga birdaniga tushadigan yukini ozaytirishdan, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotga ta’siri oqibatlarini yumshatishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Bu holat jamiyat hayotida rivojlangan tibbiyot tizimining ustuvor ahamiyatga ega ekanini yana bir bor eslatmoqda.
Pandemiya tugasa ham tibbiyotni rivojlantirish masalasi va aholining tibbiyot xodimlariga munosabati eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolishi kerak. Ommaviy tus oladigan kasalliklarning oldini olish, virusologiya va epidemiologiya kabi sohalardagi ilmiy tadqiqotlarga, shuningdek, epidemik vaziyatlarda tahlika ostida qoladigan aholi qatlamlariga alohida e’tibor berish mexanizmlari ishlab chiqilishi, umuman, tibbiyot tizimining davlat tomonidan keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanishi, balki tubdan isloh qilinishi kabi strategiyalar dunyoning ko‘plab davlatlarida amalga oshirilishi mantiqli ko‘rinmoqda.
Infeksiyaning dunyo bo‘ylab bunchalik tez va keng yoyilishi esa bugungi kunda chuqurlashib, Yer kurrasining barcha nuqtalariga yetib borgan globallashuv chog‘ida yashayotganimizni yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bugun erkin ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘liga o‘tgan jamiyatlar o‘rtasida turli yo‘nalishlarda jips aloqa tarmog‘i yuzaga kelgan bo‘lib, jahon bir butun “tirik” organizmni eslatmoqda. Turli davlatlardagi jamiyatlar bir-biri bilan nafaqat virtual tarmoq orqali, balki yuzma-yuz, jismoniy kontaktlar bilan yaqin munosabatda ekanining guvohi bo‘lmoqdamiz.
Erkin bozor iqtisodiyoti rivojining asosiy omili bo‘lgan ochiqlik strategiyasi tufayli aksariyat davlatlar intensiv globallashuv jarayoniga tortilgan. Bu holat esa pandemiya sharoitida jahon iqtisodiyotini “falaj” qilib qo‘yganini kuzatmoqdamiz. Nafaqat yirik biznes, balki erkin bozor iqtisodiyotining “drayveri” sanalgan kichik va o‘rta biznes ommaviy karantinda dunyo ko‘lamida turg‘unlik holiga tushgani, bunday sharoitga moslashmagani va ko‘plab subyektlarning kunlik daromadga tayanib kun kechirgani global muammo tusini olmoqda.
Pandemiya sharoitida eng ko‘p muammolar bilan yuzlashgan sektor turizmdir. Shu bilan birga, Jahon turizm tashkilotining tahliliga ko‘ra, inqirozdan chiqishda turizmning ahamiyati katta bo‘lishi kutilmoqda. Mehnat migratsiyasiga yaqin o‘tmishda misli ko‘rilmagan turg‘unlik olib kelgan bu chuqur ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz holatidan qancha erta chiqilsa, shuncha yutuq bo‘lishi ayrim siyosatchi va iqtisodchilar tomonidan ma’lum qilinmoqda. Bugungi kunda hukumatlarning diqqat-e’tibori inqiroz oqibatlarini yumshatishga, kichik va o‘rta biznesni, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilmoqda, kelgusida esa bu kabi inqirozlar qarshisida osonlikcha tushkunlikka tushmaydigan iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilishi kutiladi.
Koronavirus pandemiyasining chekinish bosqichiga o‘tishi bilan davlatlar to‘xtab qolgan iqtisodiyot “qo‘zg‘atgichlarini” har on qayta ishga tushirish va jamiyat turmushini eski iziga solishga shay turipti. Biroq hanuz virusga qarshi emlash vaksinasining yaratilib, keng ko‘lamda ishlab chiqilmagani uchun infeksiyani yuqtirmaganlarning tahlika ostida hali ham qolayotgani ijtimoiy oraliq saqlashdan “chiqish”ning birdaniga amalga oshirila olmasligini ko‘rsatmoqda. Demak, iqtisodiy inqirozdan chiqish ham birmuncha vaqt oladi. Bu holat esa ijtimoiy himoyalanmagan aholi qatlamlari bilan birga davlatlar budjetini ham xavf ostida qoldirishi aniq.
Bugun uyali telefon va internet turmushimizning ajralmas bo‘lagi ekani va endilikda bu aloqa vositalarisiz hayotni tasavvur qilolmasligimizni yana bir bor tushunib yetdik. Kishilik sivilizatsiyasi taraqqiyotining asosiy sababi insonning yuqori darajada sotsial tabiatga egaligidir. Inson o‘zi yashab turgan jamiyat a’zolari bilan aloqa qilmay, o‘sha jamiyat a’zosi bo‘la olmaydi, uning inson bo‘lib shakllanishidagi asosiy omil — ijtimoiy aloqa, shuning uchun jismoniy kontakt cheklangan vaziyatda raqamli aloqa infratuzilmasining ahamiyati oshgani kuzatilmoqda. Ijtimoiy oraliq saqlash kunlarida aynan shu infratuzilma orqali yaqinlarimiz, kasbdoshlarimiz, mijozlarimiz va umuman, fikrdoshlarimiz bilan munosabatlarimizni davom ettira olmoqdamiz.
Uyali aloqa va internet bilan oldin “ishi bo‘lmaganlar” bugungi kunlarda bu sektorning mijoziga aylandi. Bugun O‘zbekistondagi eng chekka hududlardagi aholining ham pandemiya bilan bog‘liq jahon bo‘ylab eng so‘nggi statistikasidan, xalqaro siyosiy va madaniy hodisalardan kunlik rejimda xabardor bo‘lganini ko‘rib turibmiz. Raqamli aloqa ko‘plab qulayliklarni taklif qilgani uchun undan foydalanganlar osonlikcha voz kecholmaydi. Shuning uchun endilikda jamiyatning “raqamlashish” yo‘lida yanada chuqurlashishi va bu sektorning yanada rivojlanishi kutiladi. Natijada esa bu holat keng aholi qatlamining jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida faolroq qatnashishiga olib keladi.
Bugungi kunda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy yangiliklarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri yetkazadigan OAV tizimining o‘rni yuksakligiga yana bir bor guvoh bo‘lmoqdamiz. Koronavirus hamlasi pandemik tus olgani e’lon qilingan kundan boshlab barcha davlatlarning hukumatlari OAV va aholini chalg‘ituvchi, yolg‘on xabar tarqatmaslikka chaqirib, bunga qarshi keskin choralar ko‘rilishi bilan ogohlantirdi. Buning sababi, tekshirilmagan xabarlarning yoyilishi pandemiyadan-da qo‘rqinchliroq sanalgan “ommaviy vahima” sotsial fenomenini keltirib chiqarishi ehtimolidir.
Ommaviy vahima aholining xabarlarga noadekvat reaksiyasi tufayli “zanjirli” tus olib, ayrim guruhlarning irratsional, mantiqsiz harakat qilishiga olib kelishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Buni ayrim davlatlarda karantin e’lon qilinganda bozor va do‘konlardan oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalarining ortiqcha miqdorda yoppasiga sotib olinishida, buning orqasidan turli janjallar kelib chiqishida ko‘rdik. Natijada noxush holatlar yuzaga kelib, ijtimoiy himoyalanmagan keksa yoshlilar, bolalar va ayollar zarar ko‘rdi, soxta xabar tarqatganlarga esa keskin choralar ko‘rildi.
Barchamiz bugun global ko‘lamda kechayotgan bir tarixiy voqelikning guvohi bo‘lib turibmiz. Shu bilan birga, bu bir hodisa to‘g‘risida turli xabar manbalaridan turlicha talqinlarni ko‘ryapmiz: “koronavirus unchalik xavflimas”, “karantin yechim emas”, “tez o‘tib ketadi, uzoq davom etadi”, “karantin laboratoriyada sun’iy yaratilgan, tabiiy rivojlangan...”. Ko‘zimiz o‘ngida buncha farqli talqinlar! Qay biriga ishonish kerak, qay birini chetga surib qo‘yish? Aynan bugun OAV va shaxslar raqamli va jismoniy muhitda tarqatayotgan har bir xabari uchun javobgar bo‘lgani inqiroz kunlarida ko‘zga tashlandi. Inqiroz vaziyatlarida ommaga to‘g‘ri xabar yetkazishda davlatning va “ishonchli” xabar agentliklarining yetakchi o‘rin egallashi muhim ekani tushunildi.
O‘zbekistonda pandemiya statistikasini o‘z vaqtida tekshirilgan ma’lumotlar bilan aholiga yetkazib berish uchun tezkorlik bilan bir necha rasmiy xabar manbasining tuzilishi ommaviy vahimaning oldini olishda muhim o‘rin egalladi. Shu bilan birga, shaxslarning xabar manbalariga sinchkovlik bilan qarashi va ishonchliligini tekshirishi kabi bir holat yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘payib ketgan shubhali saytlarning tarqatayotgan xabarlariga endi tanqidiy yondashuv sezilmoqda. Rivojlangan davlatlardagi jamiyatlar bu borada ko‘nikmaga ega bo‘lsa-da, biz uchun bu ham bir yangilik bo‘ldi. Bu holat kelgusida shaxslarning jamiyat hayoti bilan bog‘liq ishonchli va tezkor xabarlarga talabchanligini oshiradi.
Karantin chog‘ida o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan tashkilotlarda ish yuritish jarayonlarining internet muhitida, onlayn tarzda davom etilganini ko‘rmoqdamiz. Yuqumli kassalik tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan “teleta’lim” va “teleish” tizimi o‘zining yuqori darajada xavfsizligini va shu bilan birga, effektivligini ko‘rsatmoqda. Pandemiya bo‘lmasidan oldin ham yirik shaharlarimizda kundan kunga ortib borayotgan avtomobillar soni ko‘plab noxush holatlarni keltirib chiqarganini hammamiz bilamiz.
Tig‘iz soatlarda avtomobil harakati keltirib chiqargan tiqilinchlik yuzasidan vaqtni yo‘qotish, oilaviy iqtisodiyotga zarba urayotgan kunda qatnashga mablag‘ sarflash, ayrim hollarda o‘quvchilar ishtirokida transport hodisalarining sodir etilishi, uglerod yoqilg‘i sarflanishi yuzasidan havoning kirlanishi va buning global iqlim o‘zgarishiga salbiy hissa qo‘shishi, shaharlardagi yo‘llarning surunkali kengayishidan yer yuzasining borgan sari faqat asfalt bilan qoplanib borishi va buning ta’sirida tabiatga katta zarar yetkazilishi ham ijtimoiy-iqtisodiy, ham ekologik muammolardir. Ommaviy karantin bu muammolarning ayrimlarini ish va ta’limni qisman bo‘lsa-da onlayn tarzga o‘tkazish bilan yechilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalishda endigina ilk odimlar otilganiga qaramay, davlatning karantindan unumli foydalana olgani ko‘zga tashlanmoqda.
Bugun onlayn tarzdagi ta’lim va ish yuritish tizimida ayrim nuqsonlar aniqlangan bo‘lsa-da, ularni bartaraf etish ko‘p vaqt olmaydi, chunki bizning bu borada e-davlat kabi onlayn tizimda boshqarish ko‘nikmamiz bor. Onlayn tarzda o‘quvchilarning o‘qishga va xodimlarning ishlashga javobgarlik bilan yondashuvini, ularning obyektiv tekshirilishi va baholanishini ta’minlaydigan mexanizmlar ishlab chiqilsa, bunday tizim o‘z effektivligini tez orada ko‘rsatishi aniq. Tabiiyki, bu tizimda sotsiallashuv maqsadida davriy tarzda, masalan, haftada bir-ikki marta yuzma-yuz uchrashuvlarning amalga oshirilishi ko‘zda tutilishi foydali bo‘ladi.
Dunyo ko‘lamida onlayn ta’lim va ish yuritish tizimiga karantin tufayli qo‘lga kiritilgan yangi ijtimoiy kashfiyot sifatida qaralishi O‘zbekistonda ham karantindan so‘ng bu tizimning davom ettirilishiga olib kelsa kerak. Onlayn tizimning taraqqiy etishi natijasida unga xalq xo‘jaligining boshqa sohalari ham jalb etilib boradi, bular ichida birinchilar qatorida kengayishni boshlagan onlayn savdo-sotiq, bankchilik va tibbiyotdir.
Pandemiya aholining ijtimoiy-psixologik fe’l-atvoriga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymasa kerak. Karantin paytida ilojsizlikdan yolg‘iz qolgan va ijtimoiy jihatdan himoyalanmaganlar esa yechim topishga urinadi. Aholiga xizmat sektorida faoliyat yuritgan va mijozlari bilan yuzma-yuz kontakt qilgan holda kundalik daromadini qo‘lga kiritadigan kichik tadbirkorlar ham o‘z xizmatlarini “uyga yetkazish” rejimiga o‘tkazishga harakat qiladi. Ilmiy tadqiqotchilar ham qisman bo‘lsa-da anjumanlarga masofadan qatnashish rejimiga o‘tishi taxmin qilinishi mumkin.
Bugun barcha davlatlar koronavirusga qarshi nafaqat o‘z hududida, balki bir-biriga ko‘mak bergan holda kurashmoqda. Chunki birorta davlat yolg‘iz holda uni yenga olmasligini tushundi. Pandemiya global ko‘lamda kechayotgani uchun uni yengish uchun global hamkorlik qilish kerak. Bir kun kelib pandemiyadan qutulamiz. Biroq o‘shanda uylarimizdan chiqib kelganimizda qanday tushunchalar bilan turmushimizni qayta tiklashimizga ko‘p narsa bog‘liq. Bir guruh ekspertlar pandemiya jahon tizimini yangi bosqichga chiqarishga turtki berishini umid qilayotgan bo‘lsa, ikkinchisi uzoq yillar davom etadigan chuqur inqirozga botirib ketishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bugun qilgan qarorimiz ertangi kunimizni belgilab beradi. Tanlash esa o‘z qo‘limizda.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)