O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2019/2020-o‘quv yilini yakunlash hamda o‘quvchilarni attestat (shahodatnoma) bilan ta’minlash to‘g‘risida Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, bitiruvchilarga attestat (shahodatnoma va sertifikat) blankalariga qo‘yiladigan yakuniy baholar joriy yilning 5-iyunigacha attestat.uzedu.uz elektron tizimiga kiritiladi va belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
15-iyunga qadar chop etilgan attestatlar elektron shaklda (skaner) bitiruvchilarga yetkaziladi. Tayyorlangan attestatlar, oltin va kumush medallar hududda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, o‘quvchilarga topshirilguncha ta’lim muassasasida xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda saqlab turiladi.
Shuningdek, karantin cheklovlari olib tashlangandan so‘ng sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda o‘quvchilar tabeliga va yillik baholar, IV chorakda masofaviy shaklda o‘tilgan mavzular sinf jurnaliga qayd etiladi. 1-iyungacha o‘quvchilar yillik baholariga muvofiq sinfdan sinfga ko‘chiriladi.
Sinf jurnallari, o‘quvchilarning baholar tabeli, attestat.uzedu.uz elektron tizimiga kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun shaxsan maktab direktorlari javobgar ekanligi belgilandi.
Avvalroq O‘zbekistondagi maktablarda 2020-yil uchun yakuniy imtihonlarni o‘tkazish bekor qilingani, o‘quvchilarning yillik baholarini istisno tariqasida ushbu o‘quv yilining 3 ta chorak baholari asosida chiqarilishi xabar berilgan edi.
Izoh (0)