Turkmaniston poytaxtidagi bir qator tashkilotlar, xususan, IIV, ta’lim tizimi va madaniyat sohasi xodimlari, avtobus va taksi haydovchilari, “Ashxobodqurilish” quruvchilari va boshqa korxona va tashkilot ishchilarining aprel oyidagi maoshidan Lebop viloyatiga yopirilgan dovul oqibatlarini bartaraf etish uchun 200-300 manat (qariyb 870 ming so‘m)dan bosib qolindi, deb xabar beradi “Xronika Turkmenistana”.
Ta’kidlanishicha, aholi bu haqida oldindan ogohlantirilmagan.
Masalan, “Turkmangaz” davlat konserni xodimlarining maoshidan 300 manatdan bosib qolingan. Ular bu borada rahbariyatga murojaat qilganida pullar Lebop viloyatiga yopirilgan dovul oqibatida jabrlanganlarga yo‘naltirilishi bildirilgan.
“Biz muhtojlarga yordam berishdan xursandmiz. Biroq rahbarimiz bizni yig‘ib, vaziyatni tushuntirishi va ixtiyoriy ravishda pul so‘rashi mumkin edi”, — deydi ishchilardan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mablag‘larni yig‘ish borasidagi buyruq og‘zaki ravishda berilgan.
Avvalroq Turkmanistonning Lebop viloyati markazi bo‘lgan Temiryo‘l tumanida hukumat 27-aprel, 4 va 13-may kunlari yopirilgan dovul oqibatlarini bartaraf etmayotgani tufayli mahalliy aholi norozilik namoyishiga chiqqani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)