Rossiyalik avtomobil blogeri Andrey Makar o‘zining YouTube’dagi kanaliga yangi Lada Vesta’ni xarid qilishda mablag‘ tejab qolish uchun dilerlik markaziga bormasdan, uni mustaqil ravishda yig‘ish tasvirlangan videoni joylashtirdi.
Tadqiqot jarayonida avtomobilning elektron kataloglardagi 180 ta asosiy detali hisobga olingan. Biroq qidiruv jarayonlaridan ma’lum bo‘lishicha, barcha detallarni ham yangi holatda sotib olib bo‘lmaydi. Masalan, yangi kuzov va yig‘ilgan dvigatelni xarid qilishning imkoni yo‘q. Shu sababli ishlatilgan detallardan foydalanishga to‘g‘ri kelgan.
Avtoblogerning hisob-kitoblariga ko‘ra, Lada Vesta’ni mustaqil yig‘ish uchun kamida 584 ming rubllik (8176 dollar) kuzov detallarini xarid qilish kerak. Dvigatelni esa 263 ming rublga (3680 dollar) yig‘sa bo‘ladi. Avtomobilni harakatga keltiruvchi qismi esa 373 ming rublga (5200 dollar) tushadi. Vesta salonini eng arzon jihozlashga 117 ming rubl (1640 dollar) sarflansa, elektr jihozlarini o‘rnatish 130 ming rublga (1820 dollar) tushadi.
Oxir-oqibat mustaqil ravishda yig‘ilgan avtomobil narxi kamida 1,2 million rublni (16 800 dollar) tashkil etgan, bu esa dilerlik markazlaridagi yangi Lada Vesta’dan deyarli ikki barobarga qimmat demak (yangi Lada Vesta narxi 665 ming rubldan boshlanadi).
Izoh (0)