Navoiy viloyatida 25 ming AQSh dollariga soxta simob moddasini sotmoqchi bo‘lgan ikki fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Navbahor tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar — V.D. hamda K.B.ning oldindan jinoiy til biriktirib, yashirin xatti-harakatlar sodir etayotgani Navoiy viloyati IIB JQB xodimlarining e’tiborini tortgan.
Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qoidabuzarlar o‘zganing mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida 25 ming AQSh dollariga simob moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi RSEMning sud kimyoviy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, fuqarolar tarkibida biror bir kuchli ta’sir qiluvchi va yadroviy moddalari mavjud bo‘lmagan moddani qalbaki simob moddasi sifatida sotganligi ma’lum bo‘lgan. Tadbir ishtirokchilari tomonidan xolislar ishtirokida daliliy ashyolar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, musodara qilingan.
Mazkur holat yuzasidan V.D. hamda K.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)