Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Sirdaryo viloyati Sardoba suv omboridan suv chiqishining ehtimoliy salbiy oqibatlaridan biri telekommunikatsiya tarmoqlarining shikastlanishi kabi holatlarning oldini olish maqsadida bir qator telekommunikatsiya obyektlari, xususan, xavfli hududlardagi telefon stansiyalari va mobil aloqa baza stansiyalari ishlashi nazoratga olinganini xabar qildi.
Vazirlik tomonidan telekommunikatsiya tarmoqlarida ehtimoliy kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni qisqa muddatlarda bartaraf etishni tashkil etish hamda barqaror aloqa xizmatlari ko‘rsatilishini qayta tiklash uchun soha korxonalari hamda mobil aloqa operatorlarining zaxira kuchlari shu hududga safarbar qilingan.
Shu bilan bir birga aholi evakuatsiya qilingan hududlarda tashkil etilgan muvofiqlashtirish markazlarini zarur aloqa tarmoqlari bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ushbu hududlarda foydalanuvchilarga telekommunikatsiya xizmatlarining ko‘rsatilishida to‘xtalishlar va uzilishlar kuzatilishi mumkin, deyiladi xabarda.
1-may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori dambasining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan. Bunda, asosan, suv ekin maydonlariga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi.
Voqea joyiga dastlab bosh vazir Abdulla Aripov, so‘ngra davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev yetib borgani xabar berildi.
Mavzuga doir: Foto: Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba tumanida
Izoh (0)