O‘zbekistonda 28-aprel kuni koronavirusga chalingan yana 25 bemor butkul tuzalib, sog‘ayganlar 934 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 21 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 4 nafar, jami 25 bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning 15 nafari Toshkent shahridan, 6 nafari Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Turkiyadan, yana 1 nafari Rossiyadan, yana 1 nafari Angliyadan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 17 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 9 nafari erkak, 12 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 66 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 20 yoshda.
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarning barchasi Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 1 nafari erkak, 3 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 72 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 28 yoshda.
Vazirlik xabarida aytilishicha, mazkur klinikaga 30-mart kuni koronavirusga chalingan 72 yoshli bemor juda og‘ir ahvolda olib kelingan. Uzoq vaqt sun’iy nafas oldirish apparatida bo‘lgan bemor davolash muolajalaridan keyin infeksiyadan to‘liq tuzalgan, biroq boshqa hamroh kasalligi borligi sababli ixtisoslashgan shifoxonaga reabilitatsiya uchun o‘tkazilgan.
O‘zbekistonda 28-aprel soat 14:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 1939 nafarni tashkil qilmoqda.
Izoh (0)