Buxoro viloyatida 27-aprel oqshomida kuzatilgan kuchli shamol va yomg‘ir natijasida gaz quvurlari va gaz ta’minoti tizimining boshqa obyektlarida 120 dan ortiq avariya holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda “Hududgazta’minot” kompaniyasi.

Foto: Telegram

Xususan, “Shofirkon-1”, “Shofirkon-2”, “Peshku-1”, “Peshku-2”, “Romitan-2”, “Romitan-3”, “Romitan-4”, “Jondor-1”, “Izvestkoviy”, “G‘ijduvon”, “Shofirkon-2” kabi gaz taqsimlash stansiyalari (GRS) va “G‘ijduvon”, “Olot” va “Qorako‘l” kabi yo‘nalishlar favqulodda o‘chirilgan.

138 mingdan ortiq xonadon vaqtincha gaz ta’minotidan uzilgan. Jumladan, Navoiy viloyatining Konimex, Navbahor, Qiziltepa, Karmana tumanlarida 21 557 ta, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 6 100 ta, Buxoro viloyatining Buxoro, Kogon, Romitan, Peshku, G‘ijduvon, Shofirkon, Qorovulbozor, Vobkent, Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlarida 110 490 ta, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Ishtixon, Narpay tumanlarida 141 ta xonadon vaqtincha gazsiz qoldi.

Qayd etishlaricha, “Hududgazta’minot” kompaniyasining hududlardagi tarkibiy bo‘linmalarining tezkor tiklash guruhlari tabiiy ofat sababli zarar yetgan joylarda ta’mirlash ishlarini boshlab yubordi. Hududlar kesimida aholiga tabiiy gaz yetkazib berishni qayta tiklash to‘g‘risidagi ma’lumot qo‘shimcha ravishda taqdim etilishi ma’lum qilindi.

“Hududgazta’minot” kompaniyasi gaz ta’minoti tizimida nosozliklar, gaz sizib chiqishi yoki boshqa favqulodda vaziyatlar aniqlanganda, darhol avariya-dispetcherlik xizmatining 104 yoki 1104, 71 200-08-04 raqamlariga xabar berishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 28-aprelga o‘tar kechasi kuzatilgan kuchli shamol oqibatida Buxoro viloyatida salkam 30 kishi tan jarohati olgan, bir kishi halok bo‘lgan. Avvalroq “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi ham kuchli shamol oqibatida yuzaga kelgan avariya holatlari sabab elektr ta’minotining favqulodda o‘chish holatlari yuz berayotganini ma’lum qilgan edi.