Avstraliyalik 8 yoshli bola Korona De Vris ismi koronavirusga yaqin talaffuz qilingani sababli maktabdoshlari uni masxara qilayotganidan shikoyat qilib, aktyor Tom Xenksga xat yozdi. Bu haqda Angliyaning 7 news kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, aktyor bolaning maktubini e’tiborsiz qoldirmagan, hatto unga sovg‘a ham yuborgan.
“Men siz va rafiqangiz virus yuqtirganingiz haqida eshitdim. O‘zingizni qanday his etyapsiz? Ismim o‘zimga yoqadi, lekin maktabdagilar meni koronavirus deb atayapti. Bundan men xafa bo‘lyapman, jahlim chiqyapti”, — deb yozadi Korona ismli bola.
Birozdan so‘ng Korona quyidagicha javobni oldi:
“Qadrli do‘stim Korona, sening maktubing rafiqam ikkimizni xursand qildi. Sening shunday yaxshi do‘st ekanliging uchun rahmat! Do‘stlar og‘ir damlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi.
Men seni televizorda ko‘rdim, men allaqachon uyga — AQShga qaytgan va sog‘ayib ketgan bo‘lsam ham, sening maktubingdan so‘ng ahvolim yanada yaxshilandi. Bilasanmi, men biladigan yagona Korona ismli bola sensan”.
Shuningdek, Xenks bolaga sovg‘a jo‘natganini ham qo‘shimcha qilgan.
“O‘ylaymanki, senga ushbu yozuv mashinkasi yoqadi. Kattalardan uni qanday ishlatishni so‘ra va menga javobingni u yordamida yoz”, — deb yozgan aktyor.
Tom Xenks o‘z maktubini mashinkada yozgan, oxiridagi “Men sening do‘stingman! Yana bir bor rahmat!” degan so‘zlarni esa qo‘lda yozgan.
Gap Corona markasi ostida ishlab chiqarilgan yozuv mashinkasi haqida ketmoqda. Xenks koronavirusni yuqtirib olganida uning rasmini Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan edi. Tom Xenks va uning rafiqasi mart oyining boshida koronavirusni boshdan kechirgan edi.
Mavzuga doir: Tom Xenks koronavirusga qarshi vaksina uchun qon berdi
Izoh (0)