“Paxtakor” sobiq himoyachisi Vilgelm Qahhorov 81 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qahhorov “Paxtakor” safida 1961—1964-yillar mobaynida to‘p surgan. Jamoa 6-o‘rinni qo‘lga kiritgan 1962-yilgi mavsum Oliy Liga bahslarining barchasida maydonga tushgan. 1963-yil Toshkentda Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida g‘alaba keltirgan yagona gol muallifiga aylangan.
Qahhorov yorqin o‘yinlari evaziga SSSR olimpiya terma jamoasiga jalb etiladi. Yig‘in davomida unga “Dinamo Moskva” va “Zenit” murabbiylaridan qiziqish bo‘ladi. Biroq Vilgelm jiddiy xastalikka uchraydi va bu uning faoliyatiga ta’sir qiladi. Keyinchalik Qahhorov “Politotdel” va Olmaliqning “Metallurg” jamoalarida to‘p suradi.
“Vilgelm Qahhorovning vafoti munosabati bilan “Paxtakor” futbol klubi uning oilasi, yaqinlari va do‘stlariga ta’ziyasini bildiradi. Uning xotirasi hamisha qalbimizda yashaydi”, — deyiladi klub bayonotida.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)