O‘zbekistonda koronavirusga chalingan yana bir bemor vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro Sh. 30-mart kuni og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. 31-mart kuni esa Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan.
“Zudlik bilan amalga oshirilgan laborator tahlil natijasi unda koronavirus infeksiyasi borligini tasdiqlagan”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida. 40 yoshli bemor ushbu klinikaning reanimatsiya bo‘limida, sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida qayd etishicha, bemor Sh.ga tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.
Ta’kidlanishicha, 7-aprel oqshomida bemorning ahvoli keskin yomonlashgan. Yetakchi shifokorlar tomonidan berilgan tavsiyalar to‘liq bajarilganiga qaramay, bemor Sh.da yurak va o‘pka yetishmovchiligi sabab yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilgan.
Avvalroq, 27-mart kuni Namangan viloyatida koronavirusga chalingan 72 yoshli onaxon miokard infarktidan vafot etgani (uning janozasida qarindoshlaridan hech kim ishtirok etmagan), 28-mart kuni Toshkentda 39 yoshli shifokor uy sharoitida o‘zini koronavirusdan davolashga urinib, oxir-oqibat vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Qayd etish joiz, Toshkent viloyati hokimligi tomonidan 6-aprel soat 19:00 holatiga berilgan axborotda viloyat hududida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 18 holat qayd etilgani ma’lum qilingan, shuningdek, bemorlar aniqlangan mahalla va mavzelar ro‘yxati keltirilgan edi, biroq unda Chirchiq shahri yo‘q edi.
Prezident — Chirchiqdan og‘ir ahvolda olib kelingan bemor haqida:
Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Chirchiqda aniqlangan koronavirusga chalinish holati haqida gapirgan edi.
“Kechqurun Chirchiqdan og‘ir ahvoldagi bemorni olib kelishdi. Bilasizlarmi, besh-olti kun juda yuqori harorat bilan uyida yotgan. Holbuki oynai jahonda 24 soat davomida odamlarimizga ogoh bo‘laylik, madaniyatli bo‘laylik, o‘zimizga, bola-chaqamizga e’tiborli bo‘laylik deyapmiz. Yo‘q. Besh-olti kun yotgan, oilasi bor, farzandi bor, nabirasi bor, uyida yotgan. Doktor chaqirsa bo‘lmaydimi?”, — degandi o‘shanda Prezident.
Izoh (0)