O‘zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi aholidan maishiy chiqindilar olib chiqib ketilgani uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni so‘radi.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda respublika bo‘ylab kechayotgan karantin davri sababli aholidan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketganlik uchun naqd pul yig‘imlari tashkil etilmayotganligi hamda naqd pul to‘lovlarni qabul qilish kassalari faoliyat yuritmayotganligi sababli sanitar-tozalash korxonalari, xususan “Maxsustrans“ hamda “Toza hudud“ DUKlari maxsus texnikalarini yonilg‘i moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, ularga o‘z vaqtida ta’mirlash xizmati ko‘rsatish hamda xodimlarni oylik ish haqini berishda muammolar yuzaga kelmoqda.
“Bugungi epidemiologik vaziyatda shahrimiz hududlarining toza va ozoda bo‘lishi esa juda muhim sanaladi. Sanitar-tozalash korxonalarining esa bu borada o‘rni beqiyos. Ular murakkab vaziyatga qaramay yurtdoshlarimizning ozodaligini ta’minlash borasida karantinga qaramay mehnat qilayotgan xodimlar sirasiga kiradi.
Bugungi barchamiz uchun murakkab vaziyatda imkoni boricha bizlarning ozodaligimizni ta’minlayotgan hamyurtlarimiz o‘z vaqtida maoshlarini olishlari uchun maishiy chiqindilarni olib chiqib ketilganligi uchun to‘lovlarni baholi qudrat amalga oshirish talab etiladi.
Aks holda mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xodimlar oylik maosh bilan ta’minlanishida muammolar yuzaga kelib, ular qisqartirilishiga olib kelinadi”, — deyiladi xabarda.
Bu borada abonentlarga qulaylik yaratish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Telegram ijtimoiy tarmog‘ida @mibuzbot rasmiy kanali va Play Market’da Clean City Abonent ilovasi ishga tushirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, qo‘mitasi maishiy chiqindilarni olib chiqib ketilganligi uchun to‘lovlarni amalga oshirishni so‘radi.
Izoh (0)