Jeki Chan — kung-fu sport turining yorqin vakillaridan biri. U faoliyatini Bryus Li ishtirokidagi filmlardan boshlagan (ulardan birida afsonaviy aktyor Channi mayib qilib qo‘yishiga oz qolgandi), biroq uzoq vaqtgacha tanila olmadi.
Unga o‘ziga xos uslub va mashqlarni kaskadyorlarsiz bajara olishi yordam berdi. Bunga qadar u farrosh, riksha (aravachi) va hatto Avstraliyadagi qurilishda ham ishlashiga to‘g‘ri keldi.
Jekining ota-onasi Avstraliyaga uchib ketadi, bolakayni esa maktabda qoldirishadi. U yerda Chan ko‘p qiyinchiliklar ko‘radi
Genshen (uni shunday chaqirishar edi) Chan 1954-yilning 7-aprelida Gonkongda tug‘iladi. Uning ota-onasi Charlz va Lili Chan siyosiy ta’qib sabab o‘sha yerdan qo‘nim topgandi. Uning otasi Gomindan konservatorlar partiyasi tarafdori edi, fuqarolar urushi davrida u partiyaning josusiga aylanadi. Biroq uni fosh qilishadi va Charlz vatan xoiniga chiqarishadi.Gonkongda oilaning do‘st va qarindoshlari yo‘q edi. Shu sabab ular 4x8 o‘lchamli kichik xonani ijaga oladi. Jeki tug‘ilgach Fransiya elchixonasidan ish topishadi. Charlz oshpaz bo‘lib ishlaydi, Lili esa oqsochlik qiladi. Jeki 3 yoshligadayoq otasi unga kung-funi o‘rgata boshlaydi.
“Juda sho‘x bo‘lganman va yo‘limda uchragan narsani sindirardim. Onam shu sabab meni “yadro pushkasi” deb atardi. Otam esa jang san’ati menga sabr, kuch va jasorat to‘plashimda yordam berishiga ishonardi”, — deya eslaydi Jeki.
Bolakay 5 yoshida boshlang‘ich maktabga boradi, biroq darslarni o‘zlashtira olmagan Jeki bir yil o‘tib haydaladi. Otasini ta’qib qilish yana boshlanadi va oila bu safar Avstraliyaga ketishga majbur bo‘ladi. Charlz va Lili Jekini Gonkongda qoldiradi hamda o‘g‘lini o‘qitish borasida opera maktabi bilan o‘n yillik shartnoma imzolaydi. Jeki u yerda aktyorlik mahorati, vokal, akrobatika va jang san’atini o‘rganadi. Ammo eng muhimi intizom edi: shartnomada o‘quvchilarning sho‘xliklari qattiqqo‘llik bilan jazolanashi borasidagi band mavjud edi. Bolalarni qo‘lga tayanib mashq bajarishga majbur qilishar, bu vaqtda esa bambuk bilan savalashar edi.
“Uch kun o‘tib o‘qituvchi meni yoniga chaqirdi va shunday dedi: “Yana bir qoida bilan tanishish vaqting keldi”. Men shok holatiga tushib qolgandim. Ota-onam menga umuman qo‘l ko‘tarmagan edi, bu yerda esa darhol savalash... Biroq bunga ularning haqqi bor edi, shartnomada hammasi aniq ko‘rsatib o‘tilgandi. O‘sha vaqt hammasi tamom bo‘ldi degan xayolga kelgandim”, — deydi Jeki.
Chan yaxshiroq o‘qishni boshladi, yanada kuchliroq shug‘ullandi va tez orada “Yetti omadli” guruhiga qo‘shildi. Bu ansambl maktabning eng iqtidorli bolalaridan tashkil topgan bo‘lib, Xitoy va chet el teatrlarida kezib yurardi. Jeki u yerda Sammo Xung va Yuen Byao bilan tanishadi. Keyinchalik bu uchovlon ko‘plab filmlarda birga rol ijro etadi. Opera tufayli Jeki biroz taniladi, buning natijasida uni Xitoy filmlaridagi ommaviy sahnalarga taklif qila boshlashadi. Ularning eng yorqinlari Bryus Li ijrosidagi “G‘azab mushti” va “Ajdarning chiqishi” filmlari edi.
“Hayratda qolgandim. Bryus Li Xitoyning eng mashhur yulduzi edi, aqlbovar qilmas jangchi. “G‘azab mushti” filmidagi so‘nggi sahnalarning birida Li oynadan sakraganimni ko‘rib qoldi. U yonimga keldi va shunday dedi : “Vau, bu ajoyib bo‘ldi”. Bunday yulduzdan maqtov eshitish — bundan yaxshiroq yana nima bo‘lishi mumkin? “Ajdarning chiqishi” filmida esa Bryus yigirmata raqibga qarshi Bo (Xitoycha qurol — bambukdan yasalgan yog‘och) bilan jang qilishi kerak, bu ham kinoning oxirgi sahnasi edi. Men oxirgi edim, Li menga tashlandi va bir zarbada tinchitib qo‘ydi. O‘shanda zarba chakkamga tekkandi. Bryus yugurib keldi, meni quchoqlagancha shunday dedi: “Kechir, isming nima”, keyin esa ko‘p shug‘ullanishim kerakligi va o‘zimga ishonishim zarurligi haqida maslahatlar berdi.
Misol uchun: hech qaysi xitoylik yulduz ommaviy aktyorlar va kaskadyorlar haqida qayg‘urmaydi, bizga nima bo‘lishi bilan ularning ishi yo‘q, ular baland parvoz qiladigan qush singari edi. Bryus menga yaqinlashganida shuni tushunib yetdim: nima bo‘lgan taqdirda ham yaxshi inson bo‘lib qolish kerak”, — deya esga oladi Jeki.
Avstraliyada Chan bilimini oshirdi, biroq kinodan taklif tushgach, Xitoyga qaytdi
Jeki Chan 17 yoshida teatr maktabini tugatdi, biroq u vaqtda opera aktuallikni yo‘qotgan va bu aktyorlarga kuchli zarba bo‘lgandi. Bitiruvchilar o‘qish va yozishni bilmas edi, sababi ularga bunday narsalar o‘rgatilmagandi. Chan o‘z kasbi bilan birga farroshlik, idish yuvish va riksha haydash bilan shug‘ullanardi. Ba’zida kaskadyorlik qilib turardi, bu esa sekin asta uni 1971-yilda suratga olingan “Kichik yo‘lbars” filmidagi bosh rol sari olib keldi. Biroq film katta ekranga chiqqanidan keyin boshqa takliflar bo‘lmadi. 1973-yilda Bryus Li vafot etdi va bu butun Xitoy kinomatografiyasiga ta’sir qildi. Bu Jekiga ham ta’sir qildi, uni hech qayerga chaqirmay qo‘yishdi. 1975-yilda Chan kattalar uchun mo‘ljallangan “Oiladagi barcha” filmida rol ijro etishga majbur bo‘ldi.“Menda boshqa yo‘l yo‘q edi — yoki bu, yoki mafiya. Ko‘plab ishlarda ter to‘kish va buning evaziga sariq chaqa olish menga to‘g‘ri kelmasdi. Yalang‘och suratga tushganim uchun esa yaxshigina pul to‘lashdi, bu esa Avstraliyaga yo‘l olishim va hammasini boshidan boshlashimga yordam berdi”, — deydi Chan.
Avstraliyada Jeki avvalo bilim olishga e’tibor qaratdi: u Dikson kollejining tezlashtirilgan kursida tahsil oldi, parallel ravishda qurilishda ishladi. Mahalliy ishchilar uchun Genshen ismini talafuz qilish qiyinchilik tug‘dirardi, shu tariqa Chan keyinchalik mashhurlikka erishgan ismiga ega bo‘ldi.
“Ular meni nimalar deb atamadi deysiz: Genri, Kakshi, Genchi... Oxir-oqibat ular Jek ismli boshlig‘imiz sharafiga meni shunday atashga kelishib oldi. Meni kichik Jek yoki Jeki deb atashardi — bu menga yoqdi, shu sabab endi bu mening ismim”, — deydi Chan.
Bryus Lining o‘limidan keyin Xitoyda uning muvaffaqiyatini qaytarishga harakatlar boshlandi — shundaylardan biri gonkonglik rejissor va prodyuser Lo Vey edi. U Channing kaskadyorlik usullarini ko‘rgan va uni “Yangi g‘azab mushti” filmida bosh rolni ijro etishga chaqirdi. Jeki bunga rozi bo‘ldi, unga qurilishda ishlash yoqmas, qandaydir ma’lumotga ega xitoylik chet elda biror jo‘yali ish topishi qiyin edi.
Rejissyor qancha harakat qilmasin, Jekidan Bryus Li chiqmadi, film esa omadli bo‘lmadi. Shundan keyin songa ishlashga qaror qilindi: “Meteor qotil”, “Shaolinning qadimiy askarlari”, “Intriga bilan o‘ldirish” va “Shaolin san’ati. Ilon va turna” filmlari ikki yilda suratga olindi. Biroq bu kartinalar xitoylik kinosevarlarga xush kelmadi. Shundan keyin Jeki tajriba qilib ko‘rishga qaror qildi: “Burgut soyasidagi ilon” filmi uchun yangi harakatlar o‘ylab topdi va ularni uyida ko‘zgu oldida takrorlardi. Bosh qahramonga esa ozgina palapartishlik qo‘shdi, bu filmga komediya elementlarini berdi. Bu Chan faoliyatidagi ilk omadli film bo‘ldi.
“Odamlar buyuk jangchi — Bryus Lini ko‘rishni istardi, biroq uni qaytarish ilojsiz edi. U kung-funing janubiy uslubini qo‘llardi, men esa shimol vakiliman — buni tushuntirish qiyin, ammo bu ikkisi butkul boshqacha maktab. O‘ylab qoldim: agar takrorlay olmasang, u holda o‘z uslubingni o‘ylab topish kerak. O‘sha vaqtda ilon uslubi yaraldi. Ko‘zgu oldida har bir qo‘l harakati ustida ishladim va uni mukammallik sari olib bordim. Qahramonni ham o‘zgartirdim. Bryus qattiq va shafqatsiz edi, men esa istalgan odamga o‘xshagan oddiy yigit rolini ijro etdim. Filmning muvaffaqiyatidan keyin to‘g‘ri yo‘lda ekanimga ishondim”, — eslaydi Jeki.
Shundan keyin ular “Sarmast ustoz” filmini suratga oldi va bu hozirda kung-fu haqidagi klassik filmlar qatoridan o‘rin olgan. Sarmast kishi obrazi va usullarini Jekining o‘zi o‘ylab topdi. Mazkur obrazni Chan keyingi filmlarida ham qo‘lladi: “Ruhoniy kung-fu”, “Ozgina kung-fu” va “Qo‘rqmas sirtlon”. “Qo‘rqmas sirtlon” filmida Jeki rejissyor yordamchisi sifatida ham ishladi. “Qo‘rqmas sirtlon 2” filmidan so‘ng aktyor Lo Vey studiasini tark etdi va yanada kattaroq “Golden Harvest” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. 1980-yilga kelib u takrorlanmas uslubga ega mashhur aktyorga aylandi.
Jeki hatto suratga olish kuni ham shug‘ullanardi
“Golden Harvest”ga kelgan vaqtim butun dunyo, xususan AQShning mehrini qozonishni istardim. Biz “Katta janjal” filmini suratga oldik, kino Amerika prokatiga chiqdi — bu men uchun yangi dunyo bilan tanishish vazifasini o‘tadi. Keyin amerikalik superyulduz Bert Reynalds bilan “Poyga. Pushka yadrosi” filmida o‘ynadim. Shundan keyin “Homiy” va “Xudo sovutlari” filmlarim chiqdi. Ular Amerikada misli ko‘rilmagan mashhurlikka erishmagan bo‘lsa-da, menga ulkan turtki berdi”, — deydi Chan.Jekini jangovar harakatlarni o‘zi bajaradigan aktyor sifatida eslab qolishdi. U boshqa aktyorlarga ham shunday talab qo‘yardi. Shu sabab barcha sug‘urta kompaniyalari Chan ishtirokidagi filmlarni “qora ro‘yxat”ga kiritib qo‘ygandi. Oxir oqibat Jeki kaskadyorlar jamoasini tuzishga majbur bo‘ldi.
“Bolalikda biz kuniga 8 soat shug‘ullanardik: 2 soat mushaklarga ishlash, 2 soat akrobatika va 4 soat jangovar harakatlar. Hozir menda bu qadar ko‘p vaqt yo‘q. Agar suratga olish jarayoni bo‘lmasa, kuniga 3 soat mashg‘ulot o‘tayman. Suratga olish kuni esa bir soat: oz vaqt grushani mushtlayman va umumiy jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qarataman”, — deydi Chan.
Jeki Chan faoliyati mobaynida 3 mingdan ortiq jarohatlarni boshdan kechirdi: miya suyagi chatnashi, uch bor burun sinishi, vaqtincha eshitish qobilyatini yo‘qotish, jag‘ va tishlarning sinishi, bo‘yin jarohati, bir yelkaning dars ketishi va boshqasining chiqishi, bilakning og‘ir jarohati, barmoqlar sinishi, ko‘krak qafasi va qovurg‘alarga shikast yetishi, beldan olingan jarohatlar, tizzaning yorilishi va boshqa ko‘plab shikastlanishlar. Barchaga mashhur filmdan keyingi kadrlar kulishga majbur qiladi, biroq ayrim damlarda dahshatga soladi.
“Jang sahnalarini ijro etolmay qolgan kunim — faoliyatimdagi so‘nggi ish kuni bo‘ladi. Muxlislar meni kinolarimni ko‘rib, harakatlar haqiqiyligiga ishonadi, ular buni biladi. Mening filmlarim gollivudning soxta kinolaridan butkul farq qiladi, ularda hatto kaskadyorlarning ham dublyori bor”, — deydi Jeki.
Jeki AQShda 90-yillar o‘rtalariga kelib, “Bronsdagi to‘qnashuv” filmidan keyin tanila boshladi. O‘shanda amerikalik tanqidchilar filmni quyidagicha tariflagandi: “Ushbu filmni ratsional tomondan baholashga urinish har qanaqasiga muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Syujet va dialoglarni ko‘rib chiqishga urinmang, aktyorlar ishini titkilamang. Asl mohiyat Jeki Chanda — u boshqa hech kim uddalay olmaydigan ishlarni amalga oshiradi. Uning harakatlari ishonchli, nozik jilva va go‘zallikka boy. Jang xoreografiyasi yumor ustiga qurilgan. U shunchaki rohatlanib harakat qiladi. Agar shu atmosferaga sho‘ng‘iy olsangiz, siz ham rohatlanasiz”.
Bundan keyin yana bir nechta filmlar chiqdi. Chan ijrosidagi “Momaqaldiroq”, “Birinchi zarba” va “Janob olifta” filmlari MTV Movie Awards marosimining bir qator yutuqlarga erishdi. “Tig‘iz vaqt” filmidan keyin esa Chan jahon miqyosidagi superyulduzga aylandi. Jaki Chan va Kris Taker ijrosidagi ijod maxsuli MTV Movie Awards marosimida eng yaxshi duet nominatsiyasiga loyiq ko‘rildi. “Tig‘iz vaqt 2” va “Tig‘iz vaqt 3” esa eng yaxshi jang sahnalari yo‘nalishida g‘olib bo‘ldi.
Chan MMA’ni yoqtirmaydi, biroq boksni yaxshi ko‘radi
Jeki Chan o‘zining noodatiy uslubi bilan yulduzga aylandi, biroq Bryus Li bilan solishtirishlar uni xaligacha ta’qib qiladi.“Bizni ko‘pincha solishtirishadi. Biroq mening fikrimcha, bizning uslub butkul farqli. Ochig‘ini aytsam, uning saviyasiga qadar yetib borishimga ancha bor. U mening ustozim. Men bilan kung-fu sahnalarini yuzga yaqin dublda olishgan. Bryus bilan ishlagan rejisyorlarga esa bir nechta dubl yetarli bo‘lgan, u ham bo‘lsa Li usullarni sekinroq qaytarishi uchun. U dunyoga kung-funi namoyish qilgan, uni o‘zgartirgan va aralashtirgan birinchi shaxs”, — deydi Chan.
Aynan Bryus Li aralash janglar san’atiga asos solgani haqida farazlar bor. Bu haqda hatto UFC prezidenti Deyna Uayt ham aytib o‘tgandi.
“Men Bryus Li va Muhammad Alining muxlisi bo‘lganman. Bryusni aralash yakkakurashlar asoschilaridan biri deb hisoblayman. U zarbali kurashlar vakili, keyinchalik Li o‘z ishining ustalarini taklif qilgan holda og‘rituvchi usullar, parterda ishlash va uloqtirishlarni o‘rgandi. Shu orqali ojiz nuqtasi yo‘q, mukammal ko‘rinishli sport turini yaratmoqchi bo‘ldi. Hozir biz uni MMA deb ataymiz”, — deydi Uayt.
Jeki Chan o‘zini an’anaviy uslub vakili deb hisoblaydi va aralash janglarni yoqtirmaydi. Barchasiga sabab — yerda yotgan raqibni urishda davom etish.
“Menga qoidasiz janglarni ko‘rish yoqmaydi. Jang san’ati ustasi sifatida qafas ichidagi janglarni juda shafqatsiz deb hisoblayman. Bu umuman jang san’ati emas. Jang san’ati — bu hurmat. Kimdir yiqilgudek bo‘lsa, to‘xtash lozim. Siz yiqilsangiz, men sizni turg‘azaman va: “O‘zingizni qanday his qilyapsiz? Davom ettira olasizmi?”, deya so‘rayman. Mana shu jangovar ruh”, — deydi Jeki.
Biroq Jeki boksni hurmat qilardi. 2008-yilda Chan rossiyalik bokschi Kostya Szyu bilan ko‘rgazmali jangda ishtirok etishga yaqin kelgandi. Jang Pekinda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. Biroq Chan Pekin—2008 Olimpiya o‘yinlari rasmiy elchisiga aylandi, shu sabab Xitoy jangga rozilik bermadi.
Bugun afsonaviy Jeki 66 yoshni qarshi oldi. U kinoda suratga tushishdan to‘xtamayapti. Hozirda xavfli sahnalarni ijro etmaydi, biroq uning arsenalida ba’zi akrobatik elementlar saqlanib qolgan.
Nodirxon Hamidxonov tarjimasi
Izoh (0)