O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 390 kishiga yetdi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, infeksiya bilan kasallanganlar soni so‘nggi bayonot berilganidan beri 48 kishi oshgan. Avvalroq 5-aprel Toshkent vaqti bilan soat 23:59 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 32 nafarga oshib, 342 kishiga yetgani haqida ma’lum qilingan edi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, koronavirusga chalingani aniqlangan yangi bemorlarning bari chet eldan kelgan va statsionar sharoitida karantinga olingan, shuningdek, kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar orasidan aniqlangan.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ayni paytda 80 nafar bemor davolanmoqla, ularning 22 nafarida pnevmoniya belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining esa ahvoli nisbatan og‘ir, deb baholanmoqda.
Nurmat Otabekovning qo‘shimcha qilishicha, Epidemiologiya, mikrobilogiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida esa 67 nafar bemor davolanmoqda, ulardan bir nafarining ahvoli og‘ir, yana biriniki esa o‘ta og‘ir, deb baholanmoqda.
5-aprel, yakshanba kuni, mamlakatda ilk kasallanish holati qayd etilganidan beri 30 nafar bemor sog‘aygani ma’lum qilindi. Shu vaqtgacha O‘zbekistonda kasallikdan ikki kishi vafot etgan. Shuningdek, Nyu-Yorkning Bruklin qismida ikki o‘zbekistonlik — bir erkak hamda bir ayol koronavirusdan vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 1,3 million kishiga, qurbonlar soni esa 70 ming kishiga yaqinlashgan.
Izoh (0)