Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 4-apreldagi yig‘ilishida belgilangan qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida, O‘zbekistonda 6-apreldan e’tiboran yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarining (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan ta’minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi.

Bunda ushbu majmualarga tashrif buyurayotgan har bir fuqaroning tana harorati o‘lchanadi hamda 37 daraja va undan yuqori bo‘lganda, mazkur fuqarolar ushbu majmualarga kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda ushbu fuqarolarga zudlik bilan tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat etish tavsiya etiladi.

Shuningdek, markazlashgan holda pirometrlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga ikki kun muddatda yetkazib beriladi.

Shuningdek, yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarket va boshqalar) hamda karantin tadbirlari uchun ajratilgan joylarda dezinfeksiya ishlari muntazam ravishda majburiy tartibda amalga oshirib boriladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda karantinning qachon tugashi noma’lum — karantin davrini tugatish Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.