Gulistonda karantin qoidalariga rioya qilmagan 46 yoshli fuqaro jarimaga tortildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1-aprel kuni Guliston shahrining O‘ng sohil ko‘chasida yashovchi Z.X. karantin qoidalariga rioya qilmasdan bemaqsad velosiped haydab yurgan deb topilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish)ga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Ushbu kodeksning 54-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha (3-aprel holatiga ko‘ra 1 115 000 so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 22 286 ta holat aniqlangani xabar berilgan edi.
Izoh (0)