26-mart kuni surunkali kasalliklari bilan dispanser nazoratida bo‘lgan namanganlik 72 yoshli R. koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Shu kuni soat 23:00 lar atrofida maxsus laborator tahlillar natijasida unda ushbu infeksiya aniqlangan. Bemorga ushbu infeksiya 12-mart kuni Turkiya safaridan qaytgan va kasalligi tasdiqlanib, karantinga olingan qizi M.dan yuqqanligi dalillangan.
Bemor uzoq yillar davomida qandli diabet, surunkali o‘tkir yurak yetishmovchiligi va boshqa kasalliklar bilan davolanib kelgan. U 27-mart kuni tongda soat 4:30 da shifokorlarning reanimatsion muolajalariga qaramasdan, o‘tkir miokard infarktidan vafot etgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov “O‘zbekiston 24” telekanalida qilgan chiqishida ushbu holatga to‘xtalib o‘tib, vafot etgan bu ayolda koronavirus belgilari 26-martga qadar ham namoyon bo‘lmaganini alohida qayd etib o‘tdi.
Izoh (0)