Samarqandda jinoyat ishini rasmiylashtirmaslik evaziga tergovchiga 500 dollar pora taklif qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 18-mart kuni o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganli yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi bir necha fuqarolarning uylari va yordamchi xo‘jaliklarida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan.
Tintuv davomida 43 yoshli Z.J.ning uyidan tarkibida oltin moddasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan 950 kilogramm toshlar borligi aniqlanib, jinoyat ishi bo‘yicha tergov guruhiga jalb qilingan Samarqand viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi huzuridagi Tergov guruhi katta tergovchisi tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Fuqaro Z.J. esa tergovchiga holatni rasmiylashtirmaslikni, buning evaziga 500 dollar qiymatidagi pulni pora sifatida taklif qilgan, lekin tergovchi unga bu harakati noqonuniyligini tushuntirishiga qaramasdan fuqaro bu fikridan qaytmagan.
Tergovchi o‘zining uyali aloqa vositasiga Z.J. bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni yozib olgan va uni DVD diskka ko‘chirib, Z.J.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘rab, viloyat IIB boshlig‘ining nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.
Mazkur bildirgi asosida 2020-yil 18-mart kuni taxminan soat 15:00 larda IIV o‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Z.J. Narpay tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi xodimlarining xizmat xonasida 7 million so‘m miqdoridagi pullarni tergovchiga pora tariqasida bergan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Narpay tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro Z.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)