22-mart kuni M.T. ismli ayol (1964-yilda tug‘ilgan) Respublika virusologiya ilmiy tekshiruv institutiga o‘zida koronavirus (COVID-19) kasalligi mavjudligini tekshirish maqsadida qon tahlillarini topshirib, natijalarini kutmasdan Qibray tumani Rohatbaxsh ko‘chasidagi xonadonga kelib, fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Qon tahlillari natijalariga ko‘ra, M.T.da koronavirus alomatlari aniqlangan va u tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro M.T. joriy yil 12-mart kuni yuqorida ko‘rsatilgan manzilda o‘tkazilayotgan to‘y marosimida koronavirus aniqlangan birinchi bemor bilan uchrashib, muloqotda bo‘lganligi sababli virus mavjudligini tekshirish zarurati paydo bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan 22-mart kuni fuqaro M.T.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan.

Hodisa joyiga Qibray tumani karantin guruhi chiqib, huquqbuzar muloqotda bo‘lgan shaxslarning yashash joylari dezinfeksiya qilinib, barchasi Chirchiq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga karantinga yotqizildi.

23-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanganlar 45 nafarni tashkil etmoqda. Hukumat 65 yoshdan oshganlarga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilgan, jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan, 25-martdan boshlab niqobsiz yurganlar jarimaga tortiladi, O‘zbekistonda tibbiy niqob tanqisligini keltirib chiqarganlarga ham qat’iy choralar ko‘rilishi belgilangan.