Italiyada COVID-19 koronavirusi odamlar organizmida keltirib chiqargan kasallikdan vafot etganlarning o‘limi haqidagi tafsilotlar oshkor qilindi. Infeksiya yuqtirib olgan vafot etganlarning 99 foizdan ko‘p qismining sog‘lig‘ida boshqa muammolar ham bo‘lgan, deb yozmoqda Italiya sog‘liqni saqlash xizmatlari tadqiqotlariga tayanib Bloomberg.
Tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad — nima uchun Italiyada koronavirusga chalinganlarning 8 foizi vafot etayotganini aniqlashdan iborat. Ekspertlar kasallikning yakuniy bosqichiga yetib borganlarning 18 foizi haqidagi ma’lumotlarni tadqiq qilgan. Bloomberg nashrining qayd etishicha, vafot etganlarning o‘rtacha yoshi — 79 da ekan.Olimlar tekshirilgan bemorlarning faqat uch nafarida avval sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar kuzatilmaganini aniqlagan. O‘lganlarning deyarli yarmida COVID-19’dan boshqa yana kamida uchta kasallik bo‘lgan, chorak qismida bitta yoki ikkita patalogiya (organizmning normal ishlamasligi) kuzatilgan.
Ba’zi bemorlarda yurak, ayrimlarda esa diabet kasalligi bo‘lgan. Tadqiqotlar davomida COVID-19 keltirib chiqargan pnevmoniyadan vafot etgan bemorlarning 75 foizining qon bosimi baland bo‘lgani ham aniqlangan.
18-mart holatiga ko‘ra, Italiyada koronavirus yuqtirib olganlar soni 31,5 ming nafardan oshib ketgan; 2,5 ming kishi vafot etgan, yana 5,7 ming nafar italiyalik kasallikdan tuzalgan.
Izoh (0)