“Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov an’anaviy tarix ruknida Rim tarixida o‘chmas iz qoldirgan g‘ayrioddiy Kaligula haqida hikoya qiladi.
Rim imperatori Tiberiy jiyani Germanikni voris farzand sifatida asrab oldi. Bu tanlov juda muvaffaqiyatli edi, chunki Germanik o‘zini yaxshi harbiy rahbar va tajribali siyosatchi sifatida ko‘rsatdi. Undan yaxshi imperator chiqardi, ammo taqdir juda injiq. Germanik milodiy 19-yilda 34 yoshida Antioxiyada vafot etadi. Tarixchilar tomonidan uning zaharlangani taxmin qilinadi. U vaqtlarda bunday ishlar oddiy hol edi.
Germanikning 9 farzandi bor edi. Uchinchi o‘g‘liga Gay Yuliy Sezar Kaligula deb ism qo‘ydi. U imperator Kaligula sifatida tarixga kirdi.
Germanikning to‘ng‘ich o‘g‘li Neron 31-yilda o‘ldi. 33-yilda ikkinchi o‘g‘li Druz halok bo‘ldi. Bu yoshlar saroy fitnalari natijasida dunyoni tark etdi. Ammo Kaligula omadli chiqdi. U akalaridan ancha yosh edi hamda Tiberiyning onasi himoyasi va qaramog‘ida bo‘ldi.
Bu ayol yosh yigitni keksa imperator davrida vaqtinchalik boshqaruvchi rolini bajargan Lutsiy Eliy Seyanning qonli fitnalaridan himoya qildi. 31-yilning oktabrida Seyan qatl etildi va 37-yil 18-mart kuni Gay Yuliy Sezar Kaligula imperator deb e’lon qilindi.
Yangi imperator
Tiberiy o‘z vorisini tanlashda uzoq vaqt ikkilanib qoldi. Kaligula yoki Gemelldan (Druzning o‘g‘li) qay biriga hokimiyat berilishini hal qila olmadi. Birinchisi, pretor Makron tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa 77 yoshli imperator tanlovini belgilab berdi. Ammo Tiberiy ayyorona harakat qildi, uning xohishi bilan ikkalasi ham voris etib tayinladi.
Tiberiyning o‘limidan keyin Gemella ham juda tez orada o‘ldirildi va mamlakatdagi butun kuch Kaligulaning qo‘liga o‘tdi. Senat rasmiy ravishda unga barcha vakolatni berdi va Kaligula Rim imperiyasining qonuniy imperatoriga aylandi. Rim fuqarolari orasida mashhurlikka erishmoqchi bo‘lgan yangi hukmdor, avvaliga Tiberiyning siyosati bilan taqqoslaganda yumshoqroq va insonparvar siyosatni olib bordi.
U Senatga har tomonlama o‘z hurmatini namoyon qilishni boshladi, kichik hokimiyat vakillariga ham katta huquqlar berdi. Imperator buyukligini haqorat qilish to‘g‘risidagi qonunni bekor qildi va qonun ostida qamalganlarning barchasiga amnistiya berdi.
Agar Tiberiy fitnadan qo‘rqib o‘z qarindoshlarini shafqatsizlarcha yo‘q qilgan bo‘lsa, yangi imperator boshqacha yo‘l tutdi. U onasi Agrippina va akasi Neronning xokini Rimga olib kelishni buyurdi. Ular Avgust maqbarasida dafn etildi. Druzning xoki esa topilmadi, ammo uning xotirasiga kenotaf (mayitsiz qabr toshi) o‘rnatildi. Bu harakatlarning barchasi Rimning yangi hukmdorining xalq oldidagi obro‘sini oshirishga xizmat qildi.
Xalqqa non va tomosha kerak
Ammo har qanday imperatorga kerak bo‘ladigan asosiy narsa xalqning qo‘llab-quvvatlashi edi. Tiberiy juda tejamkor odam bo‘lgan. U turli ko‘ngilochar bayramlar uchun pulni juda kam sarflardi. Uning vorisi esa darhol qo‘lini davlat xazinasiga tashladi, oltin va kumush tangalarni nazoratsiz sarflashni boshladi. U legionerlar (yollanma jangchilar)ga katta pul mukofoti ajratdi, odamlar uchun turli ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil qila boshladi.
Sirklarda gladiatorlar jangi, ot aravalari poygalari va teatr namoyishlari uyushtirildi. Odamlarga juda ko‘p miqdorda non va tomosha berildi. Oqibatda, bir yildan kamroq vaqt ichida xazina bo‘shab qoldi. 37-yilning oktabrida imperatorning o‘zi qattiq kasal bo‘lib qoldi. Rimliklar bu haqda bilib, imperator saroyi yoniga yig‘ildi va bir necha kun motam tutdi. Imperatorning sog‘lig‘i yaxshilanganida xalqning quvonchi cheksiz edi.
Kasallikdan tuzalib o‘zgargan hukmdor
Rimning uchinchi imperatori nima bilan kasal bo‘lgani noma’lum, ammo tuzalganidan so‘ng u yomon tomonga o‘zgardi. Aftidan, kasallikdan keyin u turli xil jismoniy va aqliy zaifliklarga duch kelgan, ammo asosiy narsa xazinada pul yetishmasligi edi. Biroq mamlakatda bayramlar allaqachon tizimga aylanib ulgurgan va shuning uchun u har qanday yo‘l bilan pul topishga majbur bo‘ldi.
Rimda buyuklikni haqoratlaganlar ustidan jarayonlar qayta boshlandi. Natijada ular boy odamlarni ayblashdi, quvg‘in qilishdi va mol-mulklarini musodara qildilar. Imperiyada zolimlik boshlandi va imperatorning o‘zi ham aqlsiz va qo‘rqoq bo‘lib qoldi. Unga hamma joyda fitna va dushmanlar bordek tuyula boshladi.
Imperator uni hokimiyat tepasiga olib kelgan pretor Makronni o‘zini tik turgan qilichga tashlab o‘ldirishga, uning sevgan xotini Enniyani esa zahar ichishga majbur qildi. Ular o‘lgach, Kaligula ularning bolalarini ham o‘ldirishni buyurdi. U hokimiyatni shu qadar egallab olgan ediki, o‘zini Xudo deb o‘ylardi, Senat va odamlarga unga faqat xudolargagina qilinadigan qurbonliklarni bag‘ishlashni buyurdi.
Rim hukmdori isrofgarchilik va pulni bema’ni sarflashi bilan ajralib turardi, shuning uchun ham g‘aznaga ko‘p va yanada ko‘proq pullar talab qilardi. Imperator boy odamlar boyliklarining bir qismini olishni buyurdi va buni tengsizlikka qarshi kurash bilan izohladi. Aqldan ozgan hukmdorning har bir qaroriga rozi bo‘lgan Senat, o‘z sharafini so‘nggi tomchilarigacha yo‘qotdi. Kunora bo‘ladigan gladiator janglari va bayramlar hatto olomonni zeriktirdi. Tomoshalarga kun sayin kamroq odamlar kela boshladi, bu esa imperatorning g‘azabini keltirardi.
Kaligula o‘z xirsi zavqini qondirish maqsadida ko‘ziga chiroyli ko‘ringan zodagon odamlarning ayollarini o‘g‘irlab zo‘rlardi. U hatto o‘zining uchta opa-singillari bilan ham jismoniy yaqinlik qilish kabi qabih ishlarni amalga oshirdi. Ulardan biri — Druzilla vafot etganida, Kaligula mamlakatda shunday motam e’lon qildiki, uning davomida har qanday quvonchni namoyish qilganki inson qatl qilindi.
Afsonalarga ko‘ra, imperator o‘z otini senator etib tayinlagan. Aytilishicha, Kaligula o‘z otining nomidan ham odamlarni ziyofatlarga taklif qilgan. Bir marta hukmdor hatto dengizlar xudosi — Poseydonga qarshi urush e’lon qilgan va shundan so‘ng u o‘z askarlariga nayzalarini suvga otishni buyurgan.
Britaniyaga soxta yurish
U shimolga, Galliya va Germaniyaga borishga qaror qildi va o‘sha yerdan Britaniyaga qarshi yurish boshladi. Rim hukmdori 39-yilning sentabr oyida Korneliy Gney qo‘mondonligi ostidagi Rim harbiy garnizoni joylashgan Reyn chegarasiga yetib keldi. Imperator Gneyni fitnada aybladi va qatl qilishni buyurdi. O‘sha yilning dekabr oyida u Lugdunum (zamonaviy Lion) shahriga bordi va u yerda bir necha oyni o‘yin-kulgi va ziyofatlarda o‘tkazdi.
40-yilning yozida Kaligula o‘z legionlari bilan suv kechib Britaniyaga o‘tish uchun Pa-de-Kale shahriga yaqinlashdi. Biroq noaniq sabablarga ko‘ra kechib o‘tish amalga oshirilmadi. Rim armiyasi orqaga chekindi va 40-yilning avgust oyida imperator Rimga qaytdi. Fitnalardan qo‘rqqani sababli u abadiy shaharni uzoq vaqtga tark etishga jur’at eta olmagandi. Ammo poytaxtga qaytish juda dabdabali tarzda o‘tdi. Bu dabdabani ko‘rgan odamlar, Rimga Britaniyani zabt etganlar qaytyapti deb o‘ylashi mumkin edi.
Rimda uzoq vaqt yo‘q bo‘lgani sababli hukmdor o‘z atrofini butunlay o‘zgartirib yubordi va unda zodagon rimliklardan birortasini qoldirmadi. Shu orqali zodagonlarga ishonmasligini va shuning uchun ularni ta’qib qilishni davom ettirishini ta’kidladi. Imperatorni past darajadagi odamlar qurshab olgan edi. Hattoki shaxsiy xizmatchisi Gelikon ham katta ta’sirga ega bo‘lishni boshladi. U imperatorga maslahat berardi va tashrif buyuruvchilarning kirishini nazorat qilardi.
Fitna
Bularning barchasi 40-yillarning kuzidagi fitnaga olib keldi. Uning boshida 4 ta senator turgan. Ammo fitna fosh bo‘lib, fitnachilar qatl etildi. Shundan so‘ng odamlarni ishonchsiz chaquvlar bilan ham jazolash kuchayib ketdi, jallodlar esa kechayu kunduz ishladilar. Senat bu qonunsizliklarning barchasiga yumshoqlik bilan bardosh berdi. Hattoki bir safar senatorlarning o‘zlari, hamkasbi Skriboniyni o‘ldirdi. Uni chaqimchi Protogen imperatorning dushmani deb atagan edi.
Eng qattiq ta’qib ostida Rimning chavandozlar sinfi bo‘ldi, chunki bu odamlarning boyliklari Rim hukmdori uchun juda zarur edi. Yangi soliqlar va yig‘imlar joriy etildi. Soliqni hammollardan tortib, fohishaxona egalariga qadar hamma to‘ladi. Vaziyat keskin tus ola boshladi va imperator soqchilar tarkibini bir necha kogortalarga ko‘paytirdi. Kengaytirilgan xavfsizlik choralarisiz u boshqa joylarda ko‘rinmas edi.
Imperatorning o‘ldirilishi
40-yilning dekabrida yangi fitna paydo bo‘ldi. Bu fitnachilarning boshida Kassiy Xerey turgan edi, ammo uning orqasida ham bir guruh nufuzli Rim senatorlari turgan. Qatllardan, musodara, talon-toroj va xo‘rlashlardan charchagan ko‘plab zodagonlar bosh fitnachiga qo‘shildilar. Bir-birini tanib olish uchun ishlatiladigan parol “erkinlik” so‘zi edi.
Kaligulaning o‘ldirilishi 41-yilning 24-yanvar kuniga rejalashtirilgandi. Shu kuni imperator teatrda bo‘lishi, peshindan keyin esa ovqatlanish uchun saroyga borishi kerak edi. Unga aynan saroyga boradigan yo‘lda suiqasd qilish rejalashtirilgandi. Uning yonida soqchilar juda kam edi. Yo‘lda imperator aktyorlarni ko‘rib qoladi va ular bilan gaplashish uchun to‘xtaydi.
Bu paytda fitnachilar soqchilarni orqaga itarib, imperatorga qilich bilan hujum qilishgan va unga 30 ga yaqin jarohat yetkazishgan. Qasos olindi, ammo bu faqat imperator o‘limi bilan cheklanmadi. Xuddi shu kuni fitnachilar uning xotini Sezoniya va 11 oylik qizi Yuliya Druzilani o‘ldirdi. Shunday qilib imperiyani 4 yildan ozroq boshqargan shafqatsiz hukmdorning hayot yo‘li tugadi.
Oddiy Rim xalqi zolimning o‘limiga xursand bo‘lmadi. Chunki u hali ham odamlar orasida mashhur edi, ammo yangi soliqlar allaqachon uning obro‘yiga putur yetkaza boshlagan edi. Kaligulaning amakisi Klavdiy yangi imperator deb e’lon qilindi.
G‘ayrioddiy inson bo‘lgan Kaligula rimliklar tomonidan abadiy sharmandalik ramziga aylantirildi. Uning xotirasi la’natlandi va uning nomi barcha yodgorliklardan o‘chirib tashlandi. U o‘z hokimiyatidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan dahshatli, takabbur shaxs edi. Uchinchi Rim imperatori Xudo rolini o‘ynashga harakat qildi, ammo bu rolga rozi bo‘lmagan oddiy odamlar tomonidan o‘ldirildi.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)