O‘zbekiston Markaziy banki koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan kredit risklari ta’sirini yumshatish choralari yuzasidan tijorat banklariga bir qator tavsiyalarni berdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli tadbirkorlik subyektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish maqsadida barcha tijorat banklariga:
- koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida pul oqimlarining kamayishi yuz bergan va loyihalarni ishga tushirish muddatlari kechikayotgan korxonalar, shu jumladan, turizm va xalqaro yuk tashish sohalari, asosiy kontragentlari koronavirus infeksiyasi eng ko‘p tarqalgan davlatlarda joylashgan korxonalar hamda O‘zbekistonda koronavirus profilaktikasi chora-tadbirlarining amalga oshirilishi bevosita faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan korxonalarga ajratilgan kreditlarni qaytarish imkoniyatlarini to‘liq va puxta o‘rganish;
- o‘rganish natijalaridan kelib chiqqan holda, mijozlarning real pul oqimlari va imkoniyatlari hamda loyihalarni ishga tushirishning kutilayotgan muddatlaridan kelib chiqib, kreditning asosiy qarzini qaytarish bo‘yicha 2020-yil 1-oktabriga qadar imtiyozli davr berish hamda yakuniy to‘lovlar muddatlarini berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirish yuzasidan kredit shartnoma shartlariga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya qilinadi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)