Bir necha yildan beri oilasi bilan Kanadada istiqomat qilayotgan “Daryo” internet-nashri asoschisi, Telegram’dagi “Zambarakning o‘qi” kanali muallifi Farhod Fayzullayev koronavirus aniqlanganidan so‘ng kasallik tarqalishining oldini olish uchun Kanadada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, cheklovlar va tavsiyalar haqida “Daryo” uchun maxsus maqola tayyorladi.
Koronavirusning kirib kelishi
Yangiliklarga, jahon va O‘zbekistonda nima bo‘layotganiga qiziqqanim uchun koronavirus haqida dekabrda o‘qigandim, ammo ahamiyat bermadim. JSST virusni e’tiborga molik deb belgilaganidan keyin mavzuni batafsilroq o‘rgana boshladim.Kanadaga koronavirus 25-yanvarda kirib keldi. Men Albertada istiqomat qilaman; bu provinsiyada virus birinchi marta 5-mart kuni aniqlandi.
Boshida katta o‘zgarishlar yuz bergani yo‘q. Ha, mutasaddilar choralar ko‘rilishini aytishdi, kasal bo‘lganlar uyda qolishlarini, chet elga chiqqanlar o‘zini-o‘zi karantin qilishini ta’kidlashdi.
Martning ikkinchi yo uchinchi haftasidan yangiliklar ko‘payib, ish jadallashib ketdi. Bundan buyon holat har kuni o‘zgarib, yangidan-yangi cheklovlar joriy etilaverdi.
Jamoat joylarining yopilishi
Boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, Kanadada haligacha majburiy karantin yo‘q. O‘zini yomon his qilayotganlar, chet elga chiqqanlar uyida 14 kungacha karantin qilishi so‘raladi, ammo uyida o‘tirmasa, ularga nisbatan jazo yo‘q.Kanada federativ davlat bo‘lgani va Konstitutsiyaga ko‘ra sog‘liqni saqlash tizimi provinsiyalar tomonidan yuritiladi. Kanada Jamoat sog‘liqni saqlash agentligi muvofiqlashtiruvchi tashkilot bo‘lib, u provinsiyalarga buyruq berishga haqli emas.
Shu sababli ham provinsiyalar sog‘liqni saqlash bo‘yicha o‘z siyosatlarini yuritadilar. Koronavirus tufayli Ontario provinsiyasi maktab va bog‘chalarni 13-martdan boshlab yopdi, Alberta esa 16-martdan. Ko‘pchilik provinsiyalarda esa hali maktablar ochiq.
Maktab va bog‘chalarning belgilanmagan muddatga yopilishi — juda katta o‘zgarish. Albertada maktablar -30, -40 daraja sovuqdayam yopilmaydi. Yarim metr qor yoqqandayam ochiq bo‘ladi. Ko‘nikib ketishgan.
15-mart kuni bo‘lgan bayonotda Alberta Bosh vrachi maktablar yopilishi haqida bayonot berar ekan, u kasalga chalinganlar sonidan ko‘ra ba’zi yangi kasallanganlar uni provinsiya hududida yuqtirgani bunday qat’iy choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lganini aytdi. Shu kungacha kasallik chet eldan kelganlarda aniqlanayotgandi, 15-mart, yakshanba kuni esa chet elga chiqmagan fuqarolarda ham COVID-19 aniqlandi va bu maktablar yopilishiga turtki bo‘ldi.
Provinsiya Bosh vrachi doktor Xinshou so‘zlariga ko‘ra, ish bir—ikki hafta bilan yakunlanmaydi, o‘quvchilar sentabrgacha uyda o‘tirishlari ehtimoli katta.Bu bayonotdan so‘ng Kalgari Ta’lim kengashi (GorONO) hamma ota-onalarga imeyl jo‘natdi va robot qo‘ng‘iroq qildi. Katta sinflar darslari internetga joylanadi, kichik sinflar bo‘yicha hali aniq ma’lumot yo‘q. Katta o‘g‘lim maktabidan kelgan maktubda agar o‘quvchida kompyuter bo‘lmasa, maktabdagi kompyuterlarni olib ketish imkoniyati borligi aytilgan.
Bayonotda maktab o‘qituvchilari ishga chiqishlari, o‘quvchilar uchun masofadan dars o‘tishlari ta’kidlangan. Bundan tashqari aksariyat korxonalarda uydan turib ishlash imkoniyati yo‘q. Bog‘chalar yopilgan bir paytda ishga boradigan ota-onalar farzandlarini kimga topshirishlari haqida boshlari qotgan.
Koronavirus pandemiyasi haqida Kanada va Alberta hukumatlari alohida saytlar ochishgan. O‘zini yomon his qilgan kishi avvalo 8-1-1 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, hamshira bilan gaplashishi kerak. Simptomlarni o‘rgangandan keyingina hamshira bemorga nima qilish kerakligi, analiz topshirish kerak yo kerak emasligini aytadi. Kalgari va Edmontonda mashinadan tushmasdan analiz topshirish imkoniyati yaratildi.
15-mart tunga yaqin Albertaning eng katta shahri bo‘lmish Kalgarida mahalliy favqulodda holat e’lon qilindi va shahar favqulodda vaziyatlar agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Shu bilan birga barcha kutubxonalar, sport majmualari, basseynlar va hokimiyatga qarashli boshqa jamoat joylari noma’lum muddatga yopildi. Hokimiyat o‘z xodimlarini iloji boricha uydan turib ishlashiga sharoit yaratib beradigan bo‘ldi.Xususiy kompaniyalar reaksiyasi
Men kompaniyalar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaradigan kompaniyada ishlayman. Kompaniyada 75 kishi ishlaydi, aksariyati yoshlar. Korxona rahbariyati juda shaffof yo‘l tutib, korporativ messenjer orqali virus bilan bog‘liq o‘zgarishlarni yetkazib turdi.Kompaniya martning boshida favqulodda holat rejasini taqdim etdi. Reja uch bosqichga bo‘lingan.
Birinchi bosqich — xodimlar uyidan ishlashi mumkin. Kasal bo‘lsa, o‘zini yomon his qilsa uyida ishlashga majbur. O‘zi yoki oilasi a’zolari chet elga chiqadigan bo‘lsa, kompaniyaga ma’lumot berishi shart.
Oshxonada kiloli mahsulotlar endi bo‘lmaydi. Yeryong‘oq, konfetlar shisha idishlarga solib qo‘yilardi. Ana o‘shalar bo‘lmaydi, o‘rniga individual qadoqlangan mahsulotlar keltiriladi.
Ikkinchi bosqich — agar virus tarqashi kuchaysa. Aksariyat xodimlar uyidan ishlaydi, ofisga tashqaridan mahsulotlar (yegulik, ichimlik, kanselyariya tovarlari) keltirilmaydi. Ofisga mehmonlar kirishi taqiqlanadi. Ko‘pchilik yig‘iladigan uchrashuvlar bekor qilinadi. Chet elga chiqish rag‘batlantirilmaydi.
Uchinchi bosqich — ijtimoiy izolyatsiya. Ofis yopiladi, komandirovkalarga ruxsat berilmaydi, ijtimoiy kontaktlar minimallashtiriladi.
13-mart, juma kunidan boshlab kompaniya rejaning ikkinchi bosqichiga o‘tdi. O‘sha kundan buyon uyda ishlayapmiz, ofisda sanoqli odam bor.
Turmush o‘rtog‘im yangi immigrantlarga Kanadaga o‘rnashishga yordam beradigan tashkilotda ishlaydi. Koronavirus bilan bog‘liq o‘zgarishlar aholining himoyasiz qatlamlariga, shu jumladan yangi immigrantlarga qattiqroq ta’sir qiladi. Shu sababli u haliyam ishga borishga majbur.
Hozirgi holat
17-mart holatiga ko‘ra Albertada 56 kishi, Kanadada esa jami 415 kishi COVID-19 bilan kasallangan. Shu kungacha to‘rt kishi kasallikdan vafot etdi. Koronavirus qurbonlarining barchasi qariyalar uyida istiqomat qilgan va sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagan.Mening koronavirusga munosabatim o‘tgan hafta jiddiy o‘zgardi. 13-mart, juma kuni Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoning ayoli Sofi Tryudo ham ushbu dardga chalingani aniqlandi. Bosh vazir ham karantin qilib, uyidan ishlash haqida bayonot berdi.
Buni eshitib men ancha xavotirga tushdim. Dunyoning eng boy, eng qudratli kishilari bu kasallikdan qutula olmadimi, unda biz, oddiy odamlar ham tayyor turishimiz kerak ekan. Ana o‘sha kuni bozorga tushib, ancha-muncha mahsulotni uyga g‘amlab qo‘ydik, bolalarni sport seksiyalariga olib bormaslikka qaror qildik. Dushanbadan maktab va bog‘chalar ham yopildi, endi uchta tirrancha uyni boshiga ko‘taryapti.
O‘tgan hafta so‘ngida do‘konlarda navbatlar yuzaga keldi. Butun Alberta bo‘ylab antiseptik gel yoki hojatxona qog‘ozi topish mushkul. Ammo boshqa barcha mahsulotlar bisyor, “defitsit” yo‘q.
Uyimizdagi holat
O‘zimiz yaxshimiz. Qo‘rquv yo‘q, xavotir yo‘q. Xavotir kasallikdan ham emas, balki iqtisodiy ahvoldan. Virus sabab Albertaning asosiy eksporti bo‘lgan neft narxi quladi, Kanada esa 2020-yil retsessiyaga kirishi prognoz qilinyapti. Hozircha ishxonam rahbari hech kim ishdan bo‘shatilmasligi, oyliklar odatdagidek to‘lanishini ta’kidlamoqda, ammo bilib bo‘lmaydi, vaziyat qaltis.Bolalar ham sentabrgacha uyda, ularni ham foydali ishlar bilan mashg‘ul qilish, darslarini qildirish kerak.
O‘zbekiston haqida fikrlar
O‘zbekistondan g‘amxo‘rlik sezmayapman va kutmayapman ham. O‘zbekistonning oldida katta muammolar turibdi, virus endi kirib keldi. Menga g‘amxo‘rlik kerak emas, kuch mamlakat ichidagi aholiga qaratilishi kerak, deb hisoblayman.Koronavirusdan saqlanishning eng effektiv yo‘llaridan biri — ijtimoiy masofalanish (social distancing), ya’ni ommaviy yig‘ilishlardan qochish. Shu sababli ham mamlakatlar maktablarda o‘qishlarni, yig‘ilishlar, konsertlar, bayramlar, parvozlarni taqiqlayapti. Bu borada men O‘zbekiston hukumatini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
Atigi falon kishi kasallandi-ku, grippdan, YTHlar oqibatida bundan-da ko‘p kishilar qurbon bo‘lyapti-ku, deyishyapti skeptiklar. Xitoy, Italiya, Janubiy Koreya, Eron misollarini ko‘radigan bo‘lsak, biz uchun hali hammasi oldinda. Virus tarqalishini sekinlashtirish uchun o‘zbekistonliklarga uyda o‘tirishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Albatta, ishlash kerak, qorin kutib o‘tirmaydi. Ammo to‘ylar, majlislar, gaplar va h.k. nozarur yig‘ilishlarga bormaslik, odamlararo 1 metr masofani saqlash kerak.
Yana bir gap: kasal ko‘rgani borish haqida hatto o‘ylamang ham.
Hammamizga O‘zi sabr bersin.
Izoh (0)