Mitti sayyoralar kashf qilinishda davom etmoqda. “Daryo” kolumnisti, fizik olim Muzaffar Qosimov navbatdagi koinot yangiliklari haqida hikoya qiladi.

Foto: Google Photos

Pluton va Serera haqidagi maqolalarimizni o‘qigan bo‘lsangiz, “mitti sayyora” tushunchasi haqida aytib o‘tgan edik. Uzoq yillar Quyosh tizimining to‘qqizinchi sayyorasi sanalgan Pluton bu maqomdan mahrum etilgach, u mitti sayyoralar safidagi eng yirik obyekt bo‘lib qolgan edi. O‘shanda olimlar Pluton  shunchaki mitti sayyoralar ichida eng kattasi bo‘lgani uchun birinchi bo‘lib kashf qilingan va unga o‘xshash mitti sayyoralar yana o‘nlab bo‘lsa kerak degan fikrni bildirgan edi. Odatda, bunday mitti sayyoralar Neptun orbitasidan narida joylashgani uchun ular transneptun obyektlar deyiladi. Masofa o‘ta olis bo‘lganidan ularni nafaqat oddiy ko‘z bilan, balki kuchli teleskoplar orqali ham ko‘rib bo‘lmaydi. Plutondan boshqa yana to‘rtta yirik transneptun obyektni ilk bora 2005-yilda astronomlar Maykl Braun va Konstantin Batigin kashf qildi. O‘sha kashfiyot ham aslida Koyper belbog‘ida mitti sayyoralar soni juda ko‘p bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan edi.

10-mart sanasida The Astrophysical Journal Supplement Series jurnalida e’lon qilingan maqola yuqoridagi taxminlarning haqiqat ekanini isbotladi. Unda qayd etilishicha, mavhum energiya borasida tadqiqot olib boruvchi Dark Energy Survey loyihasi ustida ishlayotgan olimlar, 2013–2019-yillar davomida olingan kuzatish natijalarini tahlil qilish orqali Quyosh tizimining chetki qismida yana 139 ta mitti sayyora aniqlashdi. Aytilishicha, bu hali boshlanishi.

Obyektlarning orbitasi 30 astronomik birlikdan (a.b.) 90 a.b. gacha masofada joylashgan. Aniqlangan mitti sayyoralardan o‘ntasi esa Quyoshdan 150 a.b. dan ham nariroqda harakatlanadi. Ularni aniqlash uchun olimlar so‘nggi to‘rt yil mobaynida olingan fotosuratlardagi yetti milliard nuqtaning harakatini tahlil qildi. Astronomlar olingan 139 ta yangi obyekt borasidagi ilmiy natijadan ham ko‘ra ko‘proq qo‘llangan yangi uslubning samaradorligidan xursand bo‘lmoqda. Bu orqali yaqin orada shunday mitti sayyoralar sonini 500 tagacha bo‘lgan sonda aniqlash mumkin.