Malayziya kompaniyasi Urganchda uchuvchilar tayyorlash markazi va logistika xabini ochish istagida, deb xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Bu haqda vazirlikda 9-mart kuni Malayziyaning Midlands Aviation Pacific Asia kompaniyasi ijrochi direktori Raj Daryraj boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilingan.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘aniyev mamlakatimizda yangi investitsion loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotgan xorijiy kompaniya vakillariga fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot bergan.
Xususan, parvozlar geografiyasini kengaytirish, xorijiy aviakompaniyalarni O‘zbekiston aeroportlariga ko‘proq jalb etish maqsadida “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda, shuningdek, “Buxoro” aeroportida chet davlatlar fuqarolarini tashishda “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgani, shuningdek, “Navoiy” va “Termiz” aeroportlarida esa yuk tashuvlari uchun “yettinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ta’kidlangan.
Midlands Aviation Pacific Asia kompaniyasi ijrochi direktori Raj Daryraj Urganch shahrida Phils kompaniyasi bilan hamkorlikda uchuvchilar tayyorlash markazi hamda xorijiy davlatlarga O‘zbekistondan yuklarni tashishga ixtisoslashgan zamonaviy logistika xabini ochish istagida ekanligini bildirdi va bu boradagi o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida maxsus ishchi guruhi tuzgan holda hamkorlikda ishlashga kelishib oldi.
Izoh (0)