Iordaniyaning Amman shahrida Tokio—2020 Olimpiadasiga litsenziya beradigan musobaqaning navbatdagi janglari 10-mart, seshanba kuni o‘tkazildi.
Kechki dasturdagi bahslarda ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi yarim finalda ishtirok etdi.
-57 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Mirazizbek Mirzahalilov qozog‘istonlik Serik Temirjanovga qarshi jang olib bordi. O‘zbekistonlik bokschi mazkur jangda katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi — 5:0.
+91 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bahodir Jalolov hindistonlik Satish Kumarga imkon qoldirmadi (5:0) va final yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Shu tariqa yarim finalga yetib kelgan olti nafar o‘zbekistonlik bokschidan uch nafari hal qiluvchi bosqichga yo‘l oldi. Avvalroq Elnur Abduraimov ham final yo‘llanmasini naqd qilgandi. Shahobiddin Zoirov, Bobousmon Boturov va Sanjar Tursunov esa musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Izoh (0)