6-mart Galley kometasiga Vega zondi yaqinlashgan sana sifatida tarixda qolgan. Har 76 yilda Yerga yaqinlashuvi kuzatilayotgan, asrlar oralab odamzot erishgan ilmiy-texnik taraqqiyotni baholab kelayotgan kometa haqidagi ma’lumotlar bilan “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov tahlillari orqali tanishasiz.
Galley kometasi odamzotga qadimdan ma’lum va yaxshi tanish kometa desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kometaning osmonda paydo bo‘lishiga oid ilk yozma manbalar eramizdan avvalgi 240-yilga taalluqlidir. Kometa mashhur ingliz astronomi Edmund Galley sharafiga nomlangan. U birinchilardan bo‘lib kometaning har 76 yilda qaytishini hisoblab bergan va 1531, 1607 hamda 1682-yillardagi kometa, aslida, bitta kometaning o‘zi ekanini isbotlagan edi.
Edmund Galley 1742-yilda vafot etdi. U o‘z asarlaridan birida kometa 1758-yilda yana qaytishini ta’kidlab, o‘zidan keyingi avlod astronomlariga ajoyib intriga qoldirib ketgandi.
Kometa haqiqatan ham Galley aytgan vaqtda yana osmonda paydo bo‘ldi va u aniq 76 yil davriylikka egaligi shu tariqa ilmiy isbotlandi. Kometa 1835-yilda va 1910-yilda yana qaytdi. U zamonlarda olimlar kometani faqat teleskoplar vositasida kuzatgan edi. Biroq Galley kometasining har safar 76 yil muddatda qaytishi oralig‘ida insoniyat anchayin ilg‘or ilmiy-texnik progressga erishib bordi. Kometani kuzatish uchun yangi va mukammalroq texnik vositalarni qo‘lladi, u bilan yanada yaqindan tanishdi.
Xususan, 1835-yildagi qaytishda kometani faqat yirik reflektor teleskopda ko‘rish va unga oid hisob-kitoblarni bajarish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, 1910-yilgi qaytish paytigacha esa odamlar allaqachon fotografiyani ixtiro qildi va ilk bora kometani suratga olib, bosma nashrlarda rasmini tarqatish mumkin bo‘ldi. Qolaversa, kometa Yerga juda yaqin keldi va sayyoramiz uning dumini kesib o‘tdi. Turli rasadxonalarda ilk bora Galley dumli yulduzining 500 ga yaqin tiniq fotosuratlari olindi, shuningdek, 100 dan ziyod spektrogrammalar orqali uning yadrosi va dumi qanday moddalardan tuzilgani aniqlandi.
Galley kometasi 1986-yilda yana Yerga yaqinlashishi kerak edi. Haqiqatan ham shu yilning fevral oyida uning yaqinlashayotgani teleskoplar orqali ko‘rina boshladi. 1910-yildan buyon o‘tgan 76 yillik muddat ichida insoniyat erishgan mislsiz ilmiy-texnik inqilob tufayli bu safar endi olimlar kometani Yerdan turib kuzatish bilan cheklanmay, unga avtomat kosmik stansiyalar yuborishga ham qodir bo‘ldi.
Xabaringiz bor, odamlar allaqachon (1958-yildan beri) kosmosga sun’iy yo‘ldoshlar, sayyoralararo avtomat kosmik apparatlar va hatto kosmonavtlarni ham uchira boshladi (1961-yil Gagarin, 1969-yil Armstrong va Oldrin). Xullas, “I operatsiyasi” filmida aytilgandek, 1986-yillar kosmik kemalarimiz koinotni kezib yurgan bir payt edi.
Kometaning bu safargi yaqinlashuvida uning tuzilishi va tabiatini o‘rganish maqsadida unga tomon jahonning turli mamlakatlari tomonidan bir necha zondlar yo‘llandi. Xususan, Yevropa kosmik agentligining “Jotto” apparati, Yaponiyaning Suisei va Sakigake apparatlari hamda Sovet Ittifoqiga tegishli Vega-1 va Vega-2 apparatlari Galley kometasining 1986-yilgi qaytishida uning yo‘liga peshvoz chiqdi.
Vega-1 va Vega-2 apparatlari nomi “Venera” va “Galley” so‘zlarining birinchi bo‘g‘inidan yasalgan bo‘lib, apparatlar aynan Venera sayyorasini va Galley kometasini fazodan tadqiq qilish uchun maxsus loyihalandi va uchirildi. Ularning birinchisi 1984-yilning 15-dekabrida yo‘lga chiqqan bo‘lsa, ikkinchi apparatga olimlar o‘sha yilning 21-dekabrida start berdi.
Har ikkala start Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan amalga oshirilgan bo‘lib, rejaga ko‘ra Vega-1 va Vega-2 avvaliga Venera sayyorasiga uchib borib, uni tadqiq qildi. 1985-yil yakunida Galley kometasining Quyoshga yaqinlashuv fazasi boshlanishi bilan har ikkala apparat kometani tadqiq qilish rejimiga o‘girildi va 1986-yilning 10-fevralidan boshlab ular 76 yilda qaytadigan tanish mehmon tomon otlandi.
Dastavval Vega-1 apparati Galley kometasiga 14 million kilometr masofagacha yaqinlashib keldi. Bu voqea 1986-yilning 4-martida sodir bo‘ldi. Ertasi kuni apparat mehmonga 7 million kilometrgacha yetib bordi. Va nihoyat, 1986-yilning 6-mart sanasi kometani kuzatishlar tarixida muhim tarixiy kun bo‘lib muhrlandi. Chunki Vega-1 Galley kometasi yadrosiga 8 879 kilometr masofagacha yaqinlashib bordi va uning juda katta tiniqlikdagi suratlarini Yerga yubordi.
Kometaning tuzilishi va tarkibiga oid ko‘plab kimyoviy va fizik tahlillar amalga oshirildi. O‘sha kuni 20 daqiqa mobaynida Vega-1 Galley kometasining yaqin mehmoni bo‘ldi. Obyektlarning bir-biriga nisbatan tezligi 79 km/soniyani tashkil qildi!
Yaqinlashuv haqiqatan ham tarixiy bo‘lgan edi. Turli nur filtrlari orqali olingan 500 ga yaqin fotosuratlar vositasida kometa yadrosining shakli va o‘lchami aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, u cho‘zinchoq shaklli, yaxlit jism bo‘lib, uzunchoq tomonining o‘lchami 14 km va diametri taxminan 7 km bo‘lgan qoramtir jins ko‘rinishida edi.
Kometa yadrosi sirtidagi harorat ham o‘shanda ilk bora aniq o‘lchandi. U +100 ℃ atrofidagi qaynoq jismligi ma’lum bo‘ldi. Aslida, u tungi osmonda yulduz kabi yorqin ko‘rinsa-da, biroq yadrosining akslantirish ko‘rsatkichi 5 foizdan oshmaydigan qora jism ekani aniqlandi.
Shuningdek, bu galgi yaqinlashuvda olingan tahlillar vositasida kometaning vazn yo‘qotish ko‘rsatkichini hisoblashga erishildi. Galley kometasi Quyoshga har bir yaqinlashuvi paytida taxminan 400 million tonna o‘z moddasini samoga sochib yuborishi ma’lum bo‘ldi. Uning dumini tashkil qiladigan gazlarning yadrodan uzilib chiqish tezligi esa 1 km/soniyani tashkil qilar edi. Apparatlarning ikkinchisi kometaga 9-mart kuni yaqinlashdi va u egizagidan ham ko‘ra yaqinroq borishga muvaffaq bo‘ldi.
Vega-2 ning Galley kometasiga eng maksimal yaqin borgan paytida oraliq masofa 8 045 km bo‘lgan. U ham Yerga 700 ga yaqin suratlar yuborgan.
Missiyalar mobaynida olimlar birinchi marotaba kometaning aniq shakli va tuzilishini ilmiy bayon qilishga erishdi. Juda ko‘plab qimmatli ma’lumotlar olindi.
Galley kometasi navbatdagi kelishiga hali yana 40 yil vaqt bor. Bugun tug‘ilgan chaqaloq o‘sha paytda 40 yoshga kirgan bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mehmon bu safar 2060-yilning 9-sentabrida ko‘rinish beradi. Yuqorida aytilganidek, Galley kometasining har safargi qaytish oraliq muddatini odamzot erishgan ilmiy-texnik taraqqiyotni baholash uchun tatbiq qilish mumkin. Kim biladi deysiz, ungacha odamlar kosmik tadqiqotlar borasida yana qanday ilg‘or qadamlar tashlar ekan? Balki, bu safar astronavt kosmik kemada o‘zi borib, kometaga qo‘nib, uning yadrosidan namuna olib qaytar. Ishonish qiyin deysizmi? 1910-yilda ham keyingi safar kometa kelganda u tomon apparat uchib boradi, deyishgan bo‘lsa birov ishonmagan bo‘lsa kerak. Omon bo‘lsak, hammasini o‘zimiz ko‘ramiz...
Izoh (0)