Xitoyning PetroChina neft-gaz kompaniyasi tabiiy gaz importini qisman to‘xtatishi haqida yaqin hamkorlarini ogohlantirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston tomoni ushbu mazmundagi maktubni qabul qilgani, ammo ayni paytda gaz yetkazib berish to‘xtatilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga munosabat bildirdi.
“O‘zbekiston tomoni Xitoy kompaniyasidan tabiiy gaz importi hajmining qisqarishi haqida ogohlantirish olgan. Ammo tabiiy gaz yetkazib berishda to‘xtalish bo‘lmadi va ishlar odatiy normada davom etmoqda”, — dedi vazirlik matbuot kotibi Elmira Bekmurodova.
Avvalroq PetroChina ayrim turdagi tabiiy gaz, xususan, siqilgan va quvurlar orqali import qilinayotgan gaz sotib olish shartnomalarini to‘xtatgani xabar berilgandi. Bu haqda xabar tarqatgan Reuters agentligiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi mavsumiy gaz iste’moli sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2019-yilning 11 oy yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga 2,1 milliard dollar qiymatidagi tovar va xizmatlarni eksport qilgan. O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyatida gaz eksporti qariyb 20 foizlik ulushga ega.
Rasmiy Toshkent holatga izoh berib, O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti keyinroq kamayishini istisno etmadi. Shuningdek, eksport hajmidagi tushish raqamlarda oshkor etilmagan.
Mavzuga doir:
- Koronavirus sabab O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti — oltinning narxi rekord darajada ko‘tarildi
- O‘zbekiston iqtisodiyoti Xitoydagi koronavirus tufayli qiyin sharoitlarga duch kelishi mumkin
- O‘zbekiston dunyoda koronavirus tarqalgani tufayli taxminan bir milliard dollar yo‘qotishi mumkin
- Koronavirus epidemiyasiga qaramay O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni oshdi
Izoh (0)