Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 1-tur uchrashuvlari yakunlandi. O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi ushbu turda ro‘y bergan ba’zi bahsli holatlarni ko‘rib chiqadi. Bu haqda O‘zPFL direktor o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev xabar berdi.
“Paxtakor” — “Navbahor” (2:1) uchrashuvi hakamligi bo‘yicha O‘FA Hakamlik-inspektorlik qo‘mitasi yig‘ilish o‘tkazadi. “Navbahor”ning rossiyalik legioneri Ivan Solovyov O‘FA hakamiga nisbatan haqoratli fikr bildirgan. Bu masala O‘FA Etika qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
“Qizilqum” — “Nasaf” (1:3) uchrashuvida mezbonlar shtabi texnik zonada uyali aloqa vositasidan foydalangan hamda reglamentning 9.13 bandini buzgan. Bunga nisbatan chora ko‘riladi.
“So‘g‘diyona” klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev “Mash’al”ga qarshi uchrashuvdan (0:3) so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etmagan va reglamentning 9.17 bandini buzgan. Bunga nisbatan chora ko‘riladi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)