Nega o‘tgan hafta Sarvar ustaning rubrikasi bo‘sh qolganini so‘ramang. Biz so‘rasak, “Mendan hech narsa kutmang. Sizlarga hech qanday va’da bermaganman” javobini oldik. Yangi virus deputatdan ustaga ham yuqibdi. Yozib kelgan mavzusi esa koronavirusdan ham yuqumliroq bo‘lgan kampaniyabozlik haqida. Marhamat.
Yo‘qolsin koronavirus!
Koronavirus Xitoyda
Xitoy davlati o‘n kun ichida ming o‘rinli shifoxona qurib bemorlarni davolashga kirishdi. Butun mamlakatning tez tibbiy yordam muassasalari kasallik o‘chog‘iga jalb etildi. Zamonaviy tez tibbiy yordam punktlari bunyod etilmoqda.
Koronavirus Yaponiyada
Yapon olimlari koronavirusga qarshi vaksina yaratishga kirishdi. Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotlari sohiblaridan tashkil topgan jamoa koronavirusni batamom yengishga bel bog‘lab laboratoriyada ishlamoqda. Bir haftada yasalgan maxsus nur trubkali skaner koronavirusning tashqi simptomlarini 98 foiz aniqlikda ko‘rsatib bermoqda.
Koronavirus Koreya Respublikasida
Janubiy Koreya hukumati nanotexnologiya yordamida himoya vositalari yaratdi. Maxsus niqob va kiyim-boshlar aholiga koronavirus yuqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, virusni bir daqiqada aniqlaydigan teplovizor yaratildi va kelgusi haftadan aeroportlarga yetkazib beriladi.
Koronavirus O‘zbekistonda
Aholini koronavirusdan himoyalash dasturga kiritildi. Yangi nizom ishlab chiqilib, farmon bilan ijrosi mustahkamlandi. Matbuot markazida “Koronavirusning salbiy oqibatlari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi va mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Hokimiyat vakillari qarorga muvofiq aholi orasida koronavirusdan saqlanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib bormoqda.
Kameraga qara!
- Diqqat! Hamma yig‘ildimi? Ittifoqchilar qani? Profsoyuzchilar buyoqqa o‘tsin. Ko‘chatni ushlang. Ha, to‘rtovingizga aytyapman. Iye, ko‘chat qani? Sindi? Boring, baqaterakning uzun, ingichka shoxini sindirib keling. Ko‘chatga o‘xshaganini sindiring. Ushlab turing, uchchalangiz. Kameraga olyapman, ko‘zingiz “ko‘chat”da bo‘lsin. Oldik. Xo‘sh, endi ko‘mishni boshlaymiz. Lopatkalarni oling. Yaltiroq lopatkali yigitcha, oldinroqqa o‘ting. Men “bir-ikki” deyishim bilan o‘novlon tuproq tashlashni boshlaysiz. Boshlang. Oldik.
“Hurmatli tomoshabinlar. Bir millionta daraxt ekish aksiyasi davom etmoqda. Biz daraxt ekishga joy qolmaguncha to‘xtamaymiz, demoqda ko‘ngilli hasharchilarimiz. Bizga qo‘shiling!”
Sarvar usta
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Avvalgi hafta ijtimoiy muammolari:
- Uch oyoqli tuyaqush
- Blogerlar chempionati – 2020
- Yil qovunlari reytingi: Eng, eng, eng
- Yillar armoni
- Prezident shunday deganmidi?
- Ko‘raylikchi, qaysi viloyatniki uzun, kimniki baland?
- Mening o‘g‘rigina zavodim
- Qo‘shni davlatdan gaz import qilaylik
- Abdulloh_qayerda_edi?
- Uyqu markazidan ovqat markazigacha
Izoh (0)