Samarqand viloyati Nurobod tuman IIBsiga 26-fevral kuni tumanning Mehnatkash mahallasida yashovchi, fuqaro N.E. “G‘uzor—Samarqand” avtomobil yo‘li yoqasida qo‘ylarini boqib yurganida bir dona qo‘yini noma’lum shaxs qora rangli Captiva’siga yuklab, olib ketganligi haqida ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar beradi Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.
Tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlar davomida, Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Captiva to‘xtatilib tekshirilganida, mashinaning orqa qismiga bir bosh qo‘y ortilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Mashinani Narpay tumani Oqtosh shahri S.Ayniy ko‘chasida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan E.S. boshqargan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)