AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni AQSh razvedkasi va Demokratlar partiyasini noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Demokratlar partiyasi nomzodi Vermont senatori Berni Sandersga zarar yetkazish maqsadidagi firibgarlikda aybladi. “TASS”ning xabar berishicha, bu haqda Tramp o‘zining Twitter’ida yozib qoldirgan.

Foto: AP Photo

“Ular (razvedka xodimlari) tentak Berni (Tramp Sandersni shunday atagan — “TASS” sharhi) go‘yo Rossiya menga emas, unga yon bosayotganini aytgan. Bularning barchasi razvedka jamoatchiligi va demokratlar ishtirokidagi katta firibgarlikdir. Ular Sandersning (prezidentlik poygasini) tark etishini xohlaydi va Trampni yomon ko‘radi”, — deb yozgan prezident.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday firibgarlik AQSh maxsus prokurori Robert Myullern tomonidan Rossiyaning saylovlarga aralashishga urinishlari haqidagi tergovidan boshlangan.

21-fevral kuni The Washington Post gazetasi AQSh rasmiylari Sandersga Rossiya unga saylovoldi kampaniyasida yordam berishga urinishlari to‘g‘risida xabar bergani haqida yozgan. Gazeta aynan qanday yordam haqida so‘z borganiga aniqlik kiritmagan.

Shu kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham jurnalistlarga bergan intervyusida AQShning 2020-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari yaqinlashgan sari Rossiyaning AQSh saylov jarayoniga aralashishga urinishlari haqida tobora ko‘proq xabarlar paydo bo‘lishini Kreml afsus bilan kutayotganini aytgan.

Avvalroq amerikaliklarning qariyb yarmidan ko‘pi Tramp 2020-yilgi saylovlarda g‘olib bo‘lishiga ishonishi, Oq uy Trampga qarshi bo‘lganlarning ro‘yxatini tuzmoqchi ekanligi haqida xabar berilgan edi.