Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 1 million 550 ming so‘mlik soxta kupyuralarni S.X. ismli fuqaroga o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.
Qalbaki pul tayyorlagan E.S. ismli shaxs Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu qalbaki kupyuralarni fuqaro E.S. tanishi O.O. bilan oldindan til biriktirib, kompyuter va rangli printerdan foydalangan holda tayyorlab kelayotganligi aniqlanib, jami 5 million so‘m bo‘lgan 50 ming so‘mlik qalbaki kupyuralar va boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan E.S. va O.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)