Diamond Princess kruiz kemasidan 24-fevral kuni Buyuk Britaniyaga evakuatsiya qilingan 32 kishining to‘rttasida koronavirus borligi aniqlandi, mamlakatda kasallik yuqtirganlar soni esa 13 kishiga yetdi.

Foto: Reuters

“RIA Novosti”ning xabar berishicha, bu haqda 23-fevral kuni Buyuk Britaniyaning bosh sanitar shifokori Kris Uitti ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, kasallanganlar maxsus yuqumli kasalliklar markaziga joylashtirilgan.

Diamond Princess kruiz kemasi Yaponiyaning Yokogama portida 4-fevraldan beri karantinda turibdi. Kemada virus tarqalayotgani 1-fevral kuni Gonkongda tushib qolgan 80 yoshlik yo‘lovchida yangi turdagi virus aniqlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lgan edi. Kemada jami 3,7 ming kishi bo‘lgan, ularning 600 nafariga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.

19-fevral kuni kemadagi sayyohlarning dastlabki guruhiga kemadan sohilga tushishga ruxsat berildi. Shu kuni kemani tark etgan 500 nafar yo‘lovchining 300 dan ortig‘i AQSh fuqarolari edi. Laynerning barcha sog‘lom yo‘lovchilarini 21-fevralga qadar evakuatsiya qilish rejalashtirilgan edi.

Buyuk Britaniya Diamond Princess’dagi o‘zining va Yevropaning 32 nafar fuqarolarini 22-fevral kuni evakuatsiya qilgan.

Sohilga tushgan yo‘lovchilar orasida virusni tashuvchilar borligi haqida avvalroq Avstraliya hukumati ma’lum qilgan edi. Tahlillar ushbu mamlakatning kemada bo‘lib, so‘ng vatanga qaytgan ikki fuqarosida koronavirus borligini ko‘rsatgan edi.