Turkiya harbiy karvoni Suriyaning Idlib viloyati Al-Bara qishlog‘ida Suriya hukumati qo‘shinlarining hujumiga uchradi. Bu haqda Reuters xabar bergan.
Xabarga ko‘ra, turk harbiylari havodan hujum vaqtida qurilish o‘tkazilgan hududda yashiringan. Taxminlarga ko‘ra, hujum oqibatida Turkiya harbiy kuchlarining bir nechta askari yaralangan.
Hujum oqibatida turk kolonnasining 65 ta avtomobili shimolga chekinishga majbur bo‘lgan.
Avval Rossiya harbiy fazo kuchlarining jangari samolyotlari turk harbiylari karvonini to‘xtatgan va Al-Baraga kiritmagandi. Havo zarbalaridan xavotirga tushgan Turkiya harbiylari o‘z xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududni tark etgani ma’lum qilingan, biroq keyinroq ushbu ma’lumot inkor etilgandi.
Yanvar-fevral oylaridagi hujumlar natijasida Suriya armiyasi Idlib viloyatining yarmini egallab olgan, turk kuzatuv punktlarini orqada qoldirgandi. Hukumat kuchlarining bunday muvaffaqiyati Anqaraga ta’sir ko‘rsatgan, Erdo‘g‘on Suriya qo‘shinlari fevral oxirigacha maxsus postlar hududiga chekinmasa, Turkiya armiyasi harbiy operatsiyalarni boshlashini bildirgandi.
Rossiya Idlibdagi harakatlarda Damashq tarafini olmoqda. Ruslar hududdagi vaziyatni muzokaralar bilan hal etish tarafdori, ammo tomonlar bunga rozilik bildirmayapti.
Izoh (0)