Xitoyning Sichuan provinsiyasidagi Chendu shahrida COVID-2019 koronavirusidan tuzalib ketgan bemorning qaytalab qolgani kuzatildi. Bu haqda The Beijing News nashri xabar tarqatgan.

Foto: Getty Images

Bemor koronavirusdan kasalxonada davolangan va 10-fevral, dushanba kuni, sog‘ayib uyiga qaytgan. U ikki hafta davomida tibbiyot nazorati ostida karantin rejimiga rioya qilishi kerak edi. 19-fevral, chorshanba kuni koronavirusga topshirilgan qon tahlili ijobiy natija ko‘rsatdi. Bemor Chendu klinik tibbiyot markaziga qayta tekshiruvdan o‘tishga yuborilgan.

Foto: The Beijing News

Yangi turdagi koronavirus 2019-yilning dekabr oyi oxirlarida Xitoyda tarqala boshlagan. XXRdagi Sog‘liqni saqlash komissiyasi bergan ma’lumotda 21-fevral holatiga ko‘ra, 75 465 nafar odam kasallikka chalingani aytilgan. Mamlakat tashqarisida virusni yuqtirib olganlar soni 1073 nafarni tashkil etadi. Koronavirusning so‘nggi bosqichga yetishi tufayli 2247 nafar odam hayotdan ko‘z yumgan.

XXRning Rossiyadagi elchisi Chjan Xanxuey Pekinning mart oyida koronavirus ustidan g‘alaba qozonishiga ishonishini aytgan. Elchining so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning pnevmoniyaga aylanishi oqibatida sodir bo‘layotgan o‘lim ko‘rsatkichi kasallik o‘chog‘ida 2 foizni, butun Xitoyda esa 0,55 foizni tashkil qiladi.