Toshkentda 19-fevral kuni “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terroristik tashkilotiga aloqador bo‘lgan bir guruh tarafdorlari va a’zolarining faoliyatiga chek qo‘yildi.
IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, ular hozirda Suriyada xalqaro terroristik tashkiloti (TJK) safida faoliyat yuritayotgan 1996-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi A.Shodibekovning g‘oyaviy ta’siriga tushib, uning jinoiy faoliyatiga yaqindan ko‘mak berish maqsadida moddiy tomondan yordam ko‘rsatib, TJK tarkibiga qo‘shilishni rejalashtirgan.
Jinoyat kodeksining 1552-moddasi 1-qismiga (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish) asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida poytaxt hududidagi 18 ta manzilda tintuv tadbirlari o‘tkazilib, 21 nafar shaxs qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, ushlangan shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan. Hozirda tergov-surishtiruv tadbirlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, Oliy sudning 2016-yil 26-sentabrdagi qarori bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Izoh (0)