5−6-mart kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi kuzga qoldirildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Nashr manbasining qayd etishicha, tadbir muddatining ko‘chirilishiga dunyoda koronavirus tarqalgani bilan bog‘liq. U 12−14-fevral kunlari Sochida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Rossiya investitsiya forumi ham xuddi shu sabab bilan noma’lum muddatga qoldirilganini ta’kidlab o‘tdi.

Suhbatdosh forum O‘zbekiston uchun juda muhim bo‘lgani bois albatta o‘tkazilishini qayd etdi.

Investitsiya forumini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yanvarda parlamentga murojaat vaqtida ilgari surilgan edi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, forumda 1500 nafardan ortiq xorijiy va mahalliy kompaniyalar rahbarlari, investorlar, eksportchilar va xalqaro OAV vakillarining ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Xitoyda yangi turdagi COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni 2004 kishiga yetdi, kasallikni yuqtirib olganlarning jami soni esa 74 185 kishini tashkil etmoqda.

Uxandan O‘zbekistonga olib kelingan 84 kishi karantindan chiqdi — ularda ham koronavirus alomatlari aniqlanmadi. Koronavirus sabab karantinda turgan Diamond Princess kemasining yo‘lovchilari qirg‘oqqa chiqa boshladi.