Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani “Xalqobod” mahallasida 14-fevral kuni aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergani haqida xabar qilingandi. Oltinsoy tumani hokimligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoq va saytlarda tarqalgan xabar va videolarda aks etgan aholi va IIB xodimlari o‘rtasidagi ziddiyatli holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 2019-yil 1-mayga qadar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga “amnistiya” e’lon qilingan edi. Shu davrda 589 991 nafar fuqaroga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga mulk huquqi berildi.

Ta’kidlanishicha, “Xalqobod” mahallasida yashovchi ayrim fuqarolar esa “amnistiya” muddati tugagandan keyin bu hududda joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoniga noqonuniy uy-joy qurib olishgan.

“Konstitutsiyada belgilanganidek, yer umummilliy boylikdir. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 20,2 million gektar yerning atigi 20,7 foizi sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi. So‘nggi 15 yilda aholi jon boshiga sug‘oriladigan yerlar 24 foizga (0,23 ga dan 0,16 gacha) kamaygan. Bunda ayrim shaxslar tomonidan qonunlarni ochiqchasiga buzgan holda yerlarni egallab olish holatlarining ham ta’siri bor, albatta.

Mamlakat aholisining qariyb 16,4 millioni (jami aholining 49,4 foizi) qishloq hududlarida istiqomat qilishini hisobga olsak, bu kabi noqonuniy harakatlarning hozir oldi olinmasa, qishloq aholisi bandligini, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taminlashdek strategik o‘ta muhim masalalarda muammolar yuzaga kelishi tabiiy holdir.

Shu sabab “Xalqobod” mahallasida yashovchi 6 nafar fuqaro tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan “Oq-oltin manzarasi” fermer xo‘jaligiga qarashli paxta va g‘allaga mo‘ljallangan ekin yer maydonining jami 0,39 gektari qaytarilib, yashash imkoniyati mavjud bo‘lmagan  235,35 kvadrat metr maydonida qurib olingan uy-joy binolari, albatta, buziladi. Ammo bu ularga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan zaxira maydonlardan yer ajratilib, uy-joy qurib olishlariga amaliy jihatdan ko‘maklashilgandan keyin amalga oshiriladi. Ushbu hududga borgan komissiya azolari ham o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni buzdirish uchun emas, asl holatni o‘rganish uchun borgan”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov “Xalqobod” mahallasi fuqarolari vakillari bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritgan.

“Avval bular kelishdi… O‘zimizning ‘uchastkovoy’lar, hurmatli prokurorimiz bilan 4-5 kishi bo‘lib kelishdi. Shunaqa-shunaqa, bu hokimning nimasi (buyrug‘i — tahrir.) deyishdi. Bular esa hokimning o‘zlari kelsinlar, o‘zimiz gaplashib, murosaga kelamiz dedi. Yarim soat o‘tganidan keyin bular ‘Bo‘ldi, hokimni oldiga boramiz. Ular hozir selektorda edi, chiqishi bilan keladi’, deyishdi. Oradan 40 daqiqa o‘tmasdan bular panadan 30 ta mashinada kela boshladi. Tepamda Xudo turibdi, 40-50 ta ‘melisa’ bo‘lsa, qolgan yana 40 ga yaqin formada bo‘lmagan odamlar... Hech nimadan hech nima yo‘q kela boshladi. O‘shalar birdaniga yopishib ketdi. 8, 9-sinfda o‘qiydigan maktab bolalarining qo‘llarini qayirib olib keta boshlashdi. Shundan keyin bular ularning orqasidan chopishdi...”, — deydi qishloq oqsoqollaridan biri.

Hukumatning 2019-yil 16-noyabrdagi 911-son qarorida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga ham kompensatsiya to‘lash lozimligi qayd etilgan. Bunda kompensatsiya fuqarolarga qonuniy tartibda tegishli bo‘lgan yer uchastkalaridagi mulklar “snos”ga tushganida, unda joylashgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar uchun to‘lanadi, xolos. Boshqa har qanday holatda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar uchun kompensatsiya to‘lanmaydi. Ya’ni yer egallab olingan hech bir holatda kompensatsiya to‘lanmaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari — parlamentdagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Oltinsoyda aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida yuz bergan ziddiyatli holatga munosabat bildirdi. Voqea yuzasidan shu vaqtgacha asosan rasmiy doira (Ichki ishlar vazirligiBosh prokuratura) vakillarining munosabatlari e’lon qilingani, jamoatchilik vakillari rasmiylarning ushbu bayonotlarini shubha ostiga olayotgan bir vaqtda xalq vakilining “aybdorlarni keskin jazolash” talabi bilan e’lon qilgan posti bir qator foydalanuvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.