2020-yil 15-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi uchun UNESCO’ning Madaniy ifodalarning turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi konvensiyasi kuchga kirdi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.
Konvensiya 2005-yil 20-oktabrda Parij shahrida imzolangan va 2007-yil 18-martda kuchga kirgan. O‘zbekiston Konvensiyani 2019-yil 14-oktabrda ratifikatsiya qilgan. Hozirgi vaqtda hujjat 148 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.
Konvensiyaning asosiy maqsadi – madaniy o‘zini ifodalashning turli xil shakllarini himoya qilish va rag‘batlantirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘li bilan turli madaniyatlarning o‘zaro erkin aloqa qilishi va rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Hozirgi vaqtda mamlakatda konvensiyaning asosiy qoidalarini hayotga tatbiq etish uchun tegishli chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, jumladan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Maqom san’ati xalqaro forumi, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazilishi bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Izoh (0)