Temuriylar davlati qulaganidan so‘ng Markaziy Osiyoda ikki mustaqil davlat qaror topdi. Bular Buxoro va Xorazm xonliklaridir. 1511–1512-yillarda chingiziy shahzodalar, aka-uka Elbars va Beybarslar asos solgan Xorazm davlati rus solnomalarida Xiva xonligi deb ataladi. 400 yildan ortiq vaqt mobaynida bugungi O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston hududlarida hukm surgan davlat 1920-yil 2-fevral kuni tarix sahnasidan ketdi. Bu yil ushbu sanaga yuz yil to‘ldi. Xo‘sh, bu qanday yuz berdi? Xonlikning so‘nggi kunlardagi ahvoli qanday edi? “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov shu haqda hikoya qiladi.
Ilk islohotlar
1873-yil uzoq davom etgan janglardan so‘ng Xiva yaqinidagi Gandimiyon qishlog‘ida Xorazm va Rossiya imperiyasi o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Ushbu shartnomaga muvofiq Xorazm bundan buyon Rossiya imperiyasi protektoratiga aylandi. 1910-yilda Xivaning so‘nggi mustaqil va birinchi vassal xoni Said Muhammad Rahim Bahodirxon II vafot etdi. Taxtga esa ruslar qo‘llab-quvvatlashi natijasida uning o‘g‘li Said Asfandiyorxon II o‘tirdi. Asfandiyorxon davri o‘sha paytdagi bosh vazir Islomxo‘ja amalga oshirgan islohotlar va “Yosh xivaliklar” harakatining vujudga kelishi bilan esda qolarli bo‘ldi. Ammo Islomxo‘janing o‘ldirib ketilishi islohotlar to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi.
1917-yili Rossiya imperiyasining tugatilishiga sabab bo‘lgan fevral inqilobidan keyin Xorazm mustaqilligini qaytadan qo‘lga kiritdi. Ammo bu mustaqillik Asfandiyorxon uchun yakkalanib qolishni anglatar edi. Uning qarshisida yangi bir kuch paydo bo‘lgan edi. Fevral inqilobidan ruhlangan “Yosh xivaliklar” da’vatlarini oshkora davom ettira boshladi. Ular xondan islohotlar o‘tkazishni talab qildi. 1917-yilning 4-aprel kuni xon devonxonasi ro‘parasida bir necha ming kishilik namoyish bo‘lib o‘tdi. Xon Polvonniyoz Hoji Yusupov va Husaynbek Matmurodov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi va 5-aprel kuni “Yosh xivaliklar” taqdim etgan manifestni imzoladi. Hujjatga muvofiq Xorazm konstitutsiyaviy monarxiya etib belgilandi.
Yangi davlat boshqaruv organlari – Mahkamai adliya (majlis – parlament) va Idorai mashvarat (vazirlar kengashi) tuzildi. Majlis rahbari etib harakat faoli Bobooxun Salimov, hukumat boshlig‘i etib Husaynbek Matmurodov tayinlandi. Shuningdek, xon temiryo‘l qurish, pochta-telegraf xizmatini tashkil qilish, yangi usuldagi maktablar tashkil etishga va’da berdi. Ammo konservativ qarashdagi xon va uning hamfikrlari birgalikda harbiy to‘ntarish natijasida vazirlar kengashini tarqatib yubordi. Noyabr oyiga kelib majlis ham tarqatib yuborildi. Islohotlar to‘xtatib qo‘yildi.Davlat to‘ntarishi
Mamlakatdan qochib ketgan “Yosh xivaliklar” a’zolari 1918-yilda Xorazm tashqarisida Xorazm kommunistik partiyasini tuzdi. Uning a’zolari soni 600 nafarni tashkil etdi.
Oktabr to‘ntarishidan keyin Rossiyada bolsheviklar hukumatni qo‘lga kiritdi. Turkistonda ham hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tdi. Turkistonda ham sovet respublikasi tuzildi. Sovetlar xavfi oldida hukumatni yo‘qotishdan qo‘rqqan Asfandiyorxon bosh qo‘mondon etib sobiq dushmani, turkmanlarning yovmut qabilasi sardori Muhammad Qurbon Sardor – Junaydxonni tayinladi. Saroyda mavqeyini oshirib olgan Junaydxon 1918-yilning oktabr oyida davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Nurullaboy saroyida Asfandiyorxon o‘ldirildi. Taxtga esa uning akasi Said Abdulla G‘oziy o‘tirdi. Amalda hokimiyat Junaydxon qo‘lida to‘plangan edi. U saroydagi barcha raqiblarini yo‘q qilishga erishdi.
Turkiston sovetlariga qarshi kurash
Junaydxonning Markaziy Osiyodagi eng katta dushmani Turkiston sovetlari edi. U sovet rejimining ashaddiy dushmani edi. U Turkistonga qarshi ikki marta jang qildi. 1918-yining kuzida Junaydxon qo‘shini Yangi Urganchga hujum qilib, u yerda 50 nafar rus oilasini hibsga oldi. 10 ming kishilik qo‘shin bilan 24-noyabr kuni To‘rtko‘lni qamal qildi. Ammo Chorjo‘ydan kelgan yordam evaziga shaharliklar Junaydxonning 1700 askarini yo‘q qilishga erishdi.
Turkmanlar qo‘shini tarkibida ham kelishmovchiliklar kelib chiqa boshladi. Bir qator qo‘rboshilar qo‘shini bilan Junaydxonni tark etdi. Odamlari kamayib qolgan Junaydxon 1919-yil 4-aprel kuni Turkiston Sovet Respublikasi bilan tinchlik shartnomasi imzolashga majbur bo‘ldi. Shartnomaga muvofiq Turkiston Xorazmning mustaqilligini tan oldi. Junaydxon uchun shartnoma vaqtdan yutish imkoni edi. U Markaziy Osiyoda sovet kuchlariga qarshi kurashni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Shu sababli Nukus va Chimboyni egallagan ataman Filchev hokimiyatini tan oldi va uni qo‘llab-quvvatladi.
1919-yil sentabr oyida Junaydxon sobiq rus otryadlari va Buxoro amirligi bilan birlashib, sovet Turkistoniga qarshi kurashga kelishib oldi. Shunday qilib, Junaydxon qo‘lida o‘zining 15 ming kishilik armiyasi hamda Filchev va Kolchaklar jo‘natgan kazak otryadlarini birlashtirdi. Noyabr oyida harakatga kechgan Junaydxon qo‘shinlari Nukusni egalladi. Ammo shu paytda poytaxt Xivada “Yosh xivaliklar” qo‘zg‘alon ko‘tardi.
Qo‘zg‘alon bostirilganiga qaramay, Junaydxon qo‘shini kuchsizlanib qoldi. Bundan foydalangan sovetlar Junaydxonga Yangi Urganchda, keyin Nukusda qaqshatqich zarbalar berdi. Qo‘shmuhammad, Yaxshigeldi va Shomurod baxshi boshchiligidagi otryadlar sovetlar tomoniga o‘tib ketdi. Bu mag‘lubiyatlardan keyin Junaydxon kuchsizlanib qoldi.
1920-yil yanvar oyidan Xivaga qarshi hujumga o‘tgan sovetlar fevral oyining boshlarigacha bir qator shaharlarni qo‘lga kiritdi. Shunday sharoitda amalda hech qanday kuchga ega bo‘lmagan Xorazm xoni Said Abdullaxon Xiva kommunistlarining talabi bilan 1-fevral kuni taxtdan voz kechganini ma’lum qildi.
2-fevral kuni Xorazm xonligi davlat sifatida tugatildi. Uning o‘rniga Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tashkil etildi. Junaydxon esa 1938-yilgacha, ya’ni o‘limigacha Markaziy Osiyoda SSSRga qarshi kurashni davom ettirdi.
Izoh (0)